Dunyo oziq-ovqat tanqisligiga uchrashi mumkin

  • Amerika Ovozi

Efiopiyalik dehqonlar o'zlari yetishtirilgan banan bilan, 6-avgust, 2011-yil.

Efiopiyalik dehqonlar o'zlari yetishtirilgan banan bilan, 6-avgust, 2011-yil.

Qishloq xo’jaligi bo’yicha yirik tadqiqot tashkiloti rahbarining aytishicha, oziq-ovqat xavfsizligiga erishishning eng samarali yo’li ekin maydonlarini ko’paytirish emas, balki mavjud yerlardan oqilona foydalanishdir. Dunyo aholisining ko’payishi va rivojlanayotgan davlatlarda oziq-ovqatga bo’lgan talabning o’sib borishi natijasida qishloq xo’jaligi mahsulotlari borgan sari qimmatlashib bormoqda.

Xalqaro qishloq xo’jaligi tadqiqoti bo’yicha maslahat guruhi rahbari Frenk Rijsbermanning aytishicha, oziq-ovqat mahsulotlariga talab yildan yilga oshib bormoqda.

“Qishloq xo’jaligi bir necha o’n yillar davomida e’tiborsiz qolgan bir soha edi. Biz mo’l va arzon oziq-ovqatga ko’nikib qolgandik. Natijada 2008, 2010 va 2011-yillarda oziq-ovqat narxlarining keskin ko’tarilishi butun dunyoning ko’zini ochdi. O’sib borayotgan dunyo aholisi uchun juda katta miqdorda, 2050-yilgacha esa hozirgidan 70 foiz ko’p oziq-ovqat yetishtirish lozimligini endi anglab yetyapmiz”, deydi u.

Dunyo aholisi soni 2050-yilda to’qqiz milliardga yetishi kutilmoqda. Bu esa hozirgi aholi sonidan ikki milliardga ko’p degani. Shuncha odamni boqish uchun ekinlarni ko’paytirish kifoyami?

Nigeriyalik dehqonlar bozorda mevalarini sotmoqda. Lagos, Nigeriya.

Nigeriyalik dehqonlar bozorda mevalarini sotmoqda. Lagos, Nigeriya.

“Afsuski, bu yo’l yechim emas. Chunki gektar boshiga yig’iladigan hosil miqdori o’zgarmaydi. Yig’im miqdori o’sishdan to’xtagan. Dehqonlarning qo’lidan faqat ko’proq yerni shudgor qilish kelmoqda va ular shosha-pisha ko’proq yerga egalik qilishga urinmoqda. Fermerlar ko’proq yerni o’zlashtirishda davom etsa, ular atrof-muhit uchun muhim bo’lgan tabiiy hududlarni ham shudgor qilishga o’tib ketishi mumkin. Bu esa o’ta halokatli va uzoqni ko’zlab qilinmagan bir ish bo’ladi” deydi Rijsberman.

Uning aytishicha, muammoning yagona yechimi mavjud qishloq xo’jaligi yerlaridan mo’lroq hosil olishning yangi yo’llarini tadqiq qilishda.

“Qishloq xo’jaligi ustida ko’plab xususiy kompaniyalar tadqiqot olib boryapti. Ammo ular, asosan, yirik tijoratchi dehqonlarga xizmat qiladi. Biz esa rivojlanayotgan davlatlarda oziq-ovqatning asosiy qismini ishlab chiqaruvchi, ikki gektardan kam yerga ega 500 milliondan ortiq dehqon bilan ishlayapmiz” deydi mutaxassis.

Tashkilot jo’xori, bug’doy, guruch, kartoshka, shirin kartoshka navlari hamda baliq va ayrim hayvonlar turini yaxshilashga qaratilgan tadqiqot dasturlarini amalga oshiryapti.

Qishloq xo’jaligi sohasidagi so’nggi tadqiqot natijalarini kichik dehqonlar qo’liga yetkazish ham tashkilot oldidagi muhim vazifalardan. Bozorga tezroq kirib borish yo’llari va hosildan zarar ko’rishning oldini olish kabi ma’lumotlar dehqonlarga beriladigan ana shunday tadqiqot natijalari qatoriga kiradi. Tashkilot, shuningdek, iqlim o’zgarishi, oziqlanish va ayollar muammolariga ham diqqat qaratadi. Dunyo bo’ylab qishloq xo’jaligi sohasida xizmat qiluvchilarning aksariyatini ayollar tashkil etadi.

Rijsbermanning aytishicha, oziq-ovqat narxlarining keskin qimmatlashishi rivojlangan davlatlarda iste’molchilarga uncha ta’sir qilmasa ham, kambag’al mamlakatlar aholisi bundan ko’p aziyat chekadi.

Hindistonlik ayol Nyu-Dehlidagi bozorda oziq-ovqat ortilgan qoplar yonidan o'tmoqda. 9-iyun, 2011-yil.

Hindistonlik ayol Nyu-Dehlidagi bozorda oziq-ovqat ortilgan qoplar yonidan o'tmoqda. 9-iyun, 2011-yil.

“Agar oziq-ovqat narxi 10, 20 foizga oshsa, daromadining 80, 90 foizini oziq-ovqatga sarflaydigan Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi milliardlab kambag’allar qiyin ahvolga tushishi aniq. Chunki bu bechoralar himoyasiz. 2010 va 2011-yildagi narx o’sishidan 44 milliondan ko’p odam aziyat chekdi. Bu narsa, ayniqsa, qashshoq aholiga tez ta’sir qiladi” deydi u.

Xalqaro qishloq xo’jaligi tadqiqoti bo’yicha maslahat guruhi hozirda Rio+20 konferensiyasiga tayyorgarlik ko’rmoqda. Anjuman 20-iyunda Rio-de-Janeyroda boshlanadi. Unda Yer Sammiti deb nomlangan xalqaro anjumanning 20 yilligi nishonlanadi. Rijsbermaning aytishicha, ilk sammitda qishloq xo’jaligi va atrof-muhit himoyachilari bir-biriga qarshi bo’lgan. Ammo hozirda ularni “yaqin birodarlar” deb atash mumkin, deydi u.

Yaqinda Kemp Deyvidda bo’lib o’tgan Katta Sakkizlik yig’inida prezident Barak Obama Oziq-ovqat va oziqlanish xavfsizligining yangi ittifoqi tuzilgani haqida e’lon qildi. Bu ittifoq xususiy sektorni oziq-ovqat sanoatiga katta miqdorda investitsiya kiritishga da’vat etadi. Rijsbermanga ko’ra, Afrika yetarli darajada oziq-ovqatga ega bo’lishi uchun qishloq xo’jaligiga kiritilayotgan sarmoya miqdorini yiliga 21 milliard dollarga oshirish kerak. Sarmoyaning asosiy qismi xususiy sektordan kelishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG