Breaking News

Futbol muzeyi: Braziliya ahli futbol bilan nafas oladi


Futbol muzeyi
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:02:13 0:00

Braziliyaning San-Paulu shahrida futbol muzeyi bor. Bu yer futbol bo’yicha Jahon chempionati ishqibozlari, dunyo tarixi va Braziliya madaniyati muxlislari uchun sevimli maskanlardan biri.

Bu joy o’zida yuz yildan ortiq futbol tarixini jamlagan. Muzeyga tashrif buyursangiz, nima uchun braziliyaliklar futbolni deb yashashlarini, shu sport turini deb nafas olishlarini tushunasiz.

Muzey ostonasida sizni braziliyalik futbol afsonasi Pele kutib oladi va uch tilda muloqot qiladi.

Har kuni u bu yerda mingdan ortiq odam bilan salomlashadi; chempionat davomida tashruf buyuruvchilar soni kuniga 2000 dan oshadi.

Muzeyda nafaqat eksponatlarni tomosha qilish, balki gol urilgan lahzalarni, g’alaba va mag’lubiyat onlarini tinglash ham mumkin.

Daniela Alfonsi muzey xodimi.

“Harakat imkoniyatlariga ega 15 ta xonamiz bor. Har bir xonada siz muxlislar ovozini his qilasiz, radiosharhlarni tinglaysiz. Futbolga nafaqat sport turi, balki san’at asari sifatida qaraysiz”, - deydi u.

Pele bir paytlar futbolni “go’zal o’yin” deb atagan edi. Bugungacha bu ibora hanuz qo’llanadi. Futbolning nega go’zalligini shu muzeyni ko’rib tushunish mumkin.

San-Pauluda yashovchi kolumbiyalik Karlos Akostoning aytishicha, braziliyaliklarning futbolga bo’lgan ehtirosi dunyo uchun ilhom manbai.

“Bu yuqumli dardga o’xshaydi. Braziliyaliklar futbol bilan nafas oladi, futbol bilan ovqatlanadi, kun bo’yi futbol uchun ichishadi”, - deydi u.

Muzeyda har bir braziliyalik yuragini orziqtiradigan bir xona bor. U yerda 1950-yilgi Jahon chempionati finalida Rio-de-Janeyroning Marakana stadionida 90 ming muxlis ko’z oldida Braziliyaning Urugvayga 2-1 hisobidagi tarixiy mag’lubiyati aks etgan.

Ammo bu qayg’uli holat uzoq cho’zilmadi. Besh marta jahon chempioni bo’lgan Braziliya o’z muvaffaqiyatlaridan har qancha faxrlansa arziydi.

Muzeyda turli yoshdagi qatnashchilar uchun futbol o’yinlari ham tashkil etilgan. Bu yerda 2014-yilgi Jahon chempionatining yangi qahramoniga aylanish imkoniyatiga ham egasiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG