Xalqaro tashkilot Osiyo bankini O'zbekistondan majburiy mehnatga chek qo'yishni so'rashga chaqirmoqda


Paxta terimi mavsumi, 2011-yil, Qashqadaryo

Paxta terimi mavsumi, 2011-yil, Qashqadaryo

O'tgan yili O’zbekistonda paxta mavsumida Xalqaro mehnat tashkilotiga terim qanday ketayotganini kuzatish uchun ilk bor ruxsat berilgan edi. Missiyaning asosiy maqsadi paxta dalalarida bolalar mehnati va, umuman, majburiy mehnatdan foydalanilayotganini o’rganish bo’ldi.

Bu muammo xususida xavotir bildirgan bir necha tashkilotdan iborat “Paxta kampaniyasi” koalitsiyasi kecha Osiyo taraqqiyot bankiga xat yo’llab, O’zbekiston hukumatidan majburiy mehnatga chek qo’yishni talab qilishni so’ragan.

Koalitsiya vakili Mettyu Fisher-Deli 2012-yilda O’zbekistonda bo’lib, paxta terimini kuzatgan. Bir yil o’tib Xalqaro mehnat tashkiloti ham O’zbekistonga ilk bor missiyasini yuborishga muvaffaq bo’ldi.

Tashkilot kuzatuvchilari mamlakatda ikki oy o’tkazgan, biroq erkin ishlashlari uchun sharoit bo’lmagan. Guruhga biriktirilgan davlat xizmatchilari bir paytning o’zida ikki vazifani bajargan: xorijlik mehmonlarga hamrohlik qilgan hamda O’zbekiston sha’niga dog’ tushmasligi uchun paxtakorlarni yolg’on ma’lumot berishga, chet ellik mutaxassislar borgan dalalardan bolalarni chiqarishga ko’rsatma bergan.

Fisher-Delining aytishicha, so’nggi ikki yildagi ahvolni taqqoslaganda, o’zgarish katta emas.

"Hukumat hali ham dalada bolalar va kattalarni birday ishlatmoqda. 2013-yil bir millionga yaqin odam ekin va terimga jalb qilindi. Bir o’zgarish shundan iboratki, o’tgan yili ayrim hududlarda 15 yoshgacha bo'lgan bolalar dalaga olib chiqilmadi. Ammo boshqa tomondan davlat muassasalari, o’quv yurtlari, xususiy firma va tashkilotlardan majburan jalb qilingan odamlar dalaga yetib olish uchun transport bilan ta’minlanmadi. Ya’ni “paxtakorlar” yo’l haqini o’z hamyonidan to’lashga majbur bo’ldi", - deydi Fisher-Deli.

Odamlar davlat uchun ham bepul paxta terdi, ham terim bilan bog’liq barcha xarajatlarni o’zi ko’tardi. Bu misli ko’rilmagan makkorlik, deydi faol. Natijada, davlat paxtakorlarga emas, paxtakorlar davlatga qarz bo’lib qoldi.

Davlat idoralaridan odamlarni paxtaga olib chiqish qiyin emas. Maktab va kollejlarda bu ishdan bosh tortganlar haydalishi mumkin. Ammo xususiy firmalarni qanday qilib davlat ishiga jalb qilish mumkin, deb so’rayman Fisher-Delidan.

"Masalan, soliq inspektori avgustda shirkatlarni aylanib, egalariga shart qo’yib chiqadi. Paxta mavsumida pul yohud ishchi kuchi bilan yordam berasiz yoki faoliyatingiz obdon tekshiriladi, deyishadi. Firma egalari bunday ultimatumni qabul qilishga majbur bo’ladi, aks holda katta soliq muammolariga yuz tutishi mumkin", - deydi mutaxassis.

“Paxta kampaniyasi” koalitsiyasi muvofiqlashtiruvchisining afsus bilan aytishicha, 2013-yilda O’zbekiston paxta dalalarida 11 o’lim hollari qayd etildi.

O’z ichiga 100 dan ziyod tashkilotlarni olgan koalitsiya nomidan kecha Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakaoga yo’llangan maktubda o’zbek paxtasi majburiy mehnat hisobiga terilayotganiga doir ma’lumotlar bayon qilingan.

Tashkilot bankdan muammo bartaraf etilmaguncha qishloq xo’jaligiga doir grant va kreditlarni O’zbekistonga bermaslikni so’ragan.

"Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki O’zbekistondan majburiy mehnatga chek qo’yishni talab qilish uchun yetarli nufuzga ega. Bundan tashqari, bu tashkilotlarda muayyan mehnat standartlarini targ’ib qilishga qaratilgan siyosat mavjud", - deydi Mettyu Fisher-Deli.

“Paxta kampaniyasi” koalitsiyasi xususiy bizneslar bilan ham targ’ibot ishlarini olib bormoqda. Uning da’vati va ma’lumotlari tufayli kiyim ishlab chiqaruvchi 150 ga yaqin dunyoning nomdor kompaniyasi o’zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG