Vashingtonda O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatga qarshi namoyish o'tkazildi


Vashingtondagi O'zbekiston elchixonasi qarshisida o'zbek paxta dalalarida majburiy mehnatga qarshi namoyish, 30-sentabr, 2014-yil

Vashingtondagi O'zbekiston elchixonasi qarshisida o'zbek paxta dalalarida majburiy mehnatga qarshi namoyish, 30-sentabr, 2014-yil

O'zbekistonda har yili paxta terish mavsumi boshlanishi bilan dunyo bo'ylab majburiy mehnatga qarshi namoyishlar o'tkaziladi. Vashingtonda ham O'zbekiston elchixonasi qarshisida amerikalik faollar to'planib, O'zbekiston hukumatini majburiy mehnat amaliyotini to'xtatishga chaqirdi.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi xalqaro tashkilotlarga ko'ra, bu yilgi terim 15-sentabrda boshlanib, davlat xizmatchilari, o'qituvchilar va, hatto, xususiy shirkatlar xodimlari majburan dalalarga olib chiqilmoqda.

Faollar har yili bolalar mehnatiga qarshi chiqib kelar edi, biroq bu safar paxta terishga kamroq o'smirlar olib chiqilib, endi asosan katta yoshdagilar bosim ostida.

"Mahalliy hamkorlarimizning bergan ma'lumotiga ko'ra, o'tgan yili o'qituvchilarning 30 foizdan 50 foizigacha paxta terimiga olib chiqilgan bo'lsa, bu yili 50 foizdan 70 foizigacha maktabni chetga surib qo'yib, paxta terishga majbur. Ammo nafaqat o'qituvchilar, balki shifokorlar ham majburlanmoqda", - deydi Xalqaro mehnat huquqlari forumi vakili Ebbi Makgil.

Uning aytishicha, hozirgi tizim korrupsiyani ham kuchaytirmoqda, chunki dalaga chiqishni istamaganlar pul berib paxtadan qolishi mumkin, xususiy tadbirkorlardan ham terim ehtiyojlari uchun noqonuniy ravishda pul undiriladi.

Vashingtondagi kabi namoyishlar Toshkent, Berlin, London, Parijda ham o'tkazildi. Ishtirokchilar O'zbekiston hukumatidan paxta dalalarida majburiy mehnatni tugatishni talab qiluvchi murojaatnomani Toshkentda Ta'lim vazirligi, xorijda esa O'zbekiston elchixonalariga uzatgan.

Vashingtonda namoyishchilar qarshisiga elchixonadan hech kim chiqmadi. O'sha kuni elchixona xodimlari bilan rejalangan uchrashuv esa o'zbek diplomatlari tomonidan bekor qilindi.

Namoyish ishtirokchilari

Namoyish ishtirokchilari

Faollarga ko'ra, majburiy mehnat odamlarni o'z ishidan qoldirmoqda, talabalarni esa bilim olishdan.

Paxta rejasi bajarilmaguncha ayrim ta'lim muassasalari ishlamaydi, deydi ular.

Bu yilgi namoyishlar O'zbekistonda 1-oktabr - O'qituvchilar kuni munosabati bilan o'tkazildi.

"Paxta kampaniyasi" vakili Matt Fisher-Deylining aytishicha, bolalar majburiy mehnati kamaygani bilan hukumat muammoning ildizi bilan shug'ullanmayapti.

"Dehqonlar o'zlari istagan ekinlarni, ya'ni o'zlariga daromad keltiradigan ekinlarni eka olmayapti. Fermer paxta rejasini bajarmasa, jazolanadi, qattiq jazolanadi. Masalan, yeri tortib olinib, boshqa dehqonlarga berilishi mumkin, ularga qarshi hatto jinoiy ish qo'zg'atilishi mumkin. Ba'zida ular jismoniy zo'ravonlikka ham uchraydi", - deydi Fisher-Deyli.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi vakili Ebbi Makgil

Xalqaro mehnat huquqlari forumi vakili Ebbi Makgil

“Paxta kampaniyasi” xalqaro va mahalliy huquq tashkilotlari hamda to'qimachilik kompaniyalari ishtirokida tuzilgan guruh bo'lib, ko’p yillardan beri O’zbekiston hukumatidan paxta dalalarida bolalar mehnatiga chek qo’yishni talab qilib keladi.

Guruh tashabbusi bilan kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi yirik xalqaro kompaniyalar o’zbek paxtasiga boykot e'lon qilib, bir necha yildan beri uni sotib olmayapti.

O'tgan yili BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkilotidan bir necha kuzatuvchi O'zbekiston paxta dalalarida terim mavsumini ilk bor nazorat etgan edi.

Matt Fisher-Deylining aytishicha, bu yili tashkilot kuzatuvchilar missiyasini respublikaga yubormadi.

XS
SM
MD
LG