Tahlilchilar: "Islomiy davlat" ning arab jangarilari Yaqin Sharq uchun eng katta tahdid

  • Amerika Ovozi

AQSh va Yevropa ittifoqining terrorizmga oid xavotirlarida, asosan, Suriya va Iroqda jang qilayotgan uch ming g'arblik jangari tilga olinadi. Ammo "Islomiy davlat" guruhi tarkibida arab o'lkalaridan va boshqa mamlakatlardan kelgan minglar borligini ham unutmaslik kerak, deydi tahlilchilar. Ularga ko'ra, yurtiga qaytgan arab jangarilari Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq barqarorligini yanada izdan chiqarishi mumkin.

AQSh va Yevropa xavfsizlik idoralari Iroq va Suriyadagi jangari guruhlar tarkibiga qo'shilayotgan fuqarolarini diqqat bilan kuzatmoqda. Ammo tahlilchilarning ogohlantirishicha, "Islomiy davlat", "Jabhat al-Nusra" hamda "Islom mag'ribidagi al-Qoida" guruhlaridagi xorijlik arablar Yaqin Sharq uchun eng katta tahdiddir.

Kuchli razvedka imkoniyatlariga ega bo'lmagan Liviya, Tunis va Yaman kabi davlatlarda jang maydonlaridan qaytgan fuqarolarning soni qancha ekani haqida aniq ma'lumot yo'q. Ammo ular katta xavf manbai ekani shubhasiz, deydi Brukings instituti tahlilchisi Jeremi Shapiro.

"Ular solayotgan xavf G'arbga nisbatan mavjud tahdidga qaraganda ancha katta. Raqamlarga qarasak, arab dunyosidan kelgan jangarilar soni g'arbliklarga qaraganda 10 barobar ko'p. Bu davlatlar siyosiy jihatdan beqaror va ko'p holatlarda o'z fuqarolarini nazorat qila olmaydi", - deydi tahlilchi.

Jangda toblangan ko'plab arablar sharqiy Liviyadagi beqaror hududlardan panoh topmoqda, deydi Filadelfiyada joylashgan Tashqi siyosat tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi Klint Uats. Uning aytishicha, "Islomiy davlat" va "al-Qoida" mintaqada hujumlarni amalga oshirishi uchun Liviya eng qulay maskanga aylanib qolishi mumkin.

"Ikkinchi shunday hudud Livan bo'lishi mumkin. Bu yerda ham katta miqdordagi xorijlik jangarilar bor. "Islomiy davlat", "Jabhat al-Nusra" yoki "Hizbulloh"dan ilhom olgan bu shaxslar janglarni davom ettirmoqda. Qochoqlar muammosiga ega Iordaniya ham uchinchi notinch mamlakat. Bu yerga ham ko'plab xorijlik jangarilar boryapti. To'rtinchisi Turkiya bo'lishi ehtimoli bor", - deydi u.

Turkiya xorijlik jangarilar uchun Suriyaga kirish yo'lagiga aylangan. Anqara so'nggi paytlarda bu amaliyotga chek qo'ygan bo'lsa-da, Suriyaga kirish istagida bo'lgan xorijlik shaxslarning ko'pi allaqachon Turkiyada to'plangan. Uats so'zlariga ko'ra, ularning bir qismi o'z vatanlariga qaytib keta olmaydi.

Shapiro, shuningdek, arab jangarilarining son jihatdan ko'proq va xavfliroq ekaniga urg'u beradi.

"G'arbdagidek, bu yerda bir necha odamni topish va ularning xurujlarini to'xtatish bilan ish bitmaydi. Gap kuchli siyosiy mafkuraga ega va zo'ravonliklarda toblangan katta sondagi odamlarning zaif jamiyatlarga kirib kelishi haqida ketyapti", - deydi tahlilchi.

Uatsning ta'kidlashicha, Tunis, Yaman, Iordaniya va Marokashdan kelayotgan minglab arablar uzoq muddatli siyosiy manfaatlarni ko'zlab mahalliy guruhlarga qo'shilishi mumkin.

"Ular siyosiy qudratga ega bo'lishni istaydi. Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda oxir-oqibat shunga erishishga harakat qilishadi. Ular bunga islomiy davlat qurish orqali erishmoqchi. Mafkuraga sodiqligini ko'rsatish uchun, shunchaki, zo'ravonlikka qo'l urishni istayotgan yevropaliklardan farqli o'laroq, arab jangarilar uylariga qaytgach, yangi davlat qurishni maqsad qilgan", - deydi u.

"Islomiy davlat" tarafdorlari Afg'onistonda ham bo'y ko'rsatmoqda. Ular mamlakat beqarorligini yanada izdan chiqarishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Uatsning aytishicha, G'arb davlatlari Parijdagi xurujlarga javob qaytarishda yakdillik ko'rsatgan bo'lsa-da, "al-Qoida" va "Islomiy davlat" tarafdorlari hamda yuzlab, balki minglab xorijlik jangarilar in qurgan Liviya kabi davlatlarda zo'ravonlikka qarshi aniq chora ko'rishga ojizlik qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG