Breaking News

"Islomiy davlat"ning G'arbdagi faoliyati xavotirlarni oshirmoqda


Huquq-tartibot organlari va razvedka xizmatlari Parijdagi xurujlarni taftish etar ekan, “Islomiy davlat” jangari guruhining faoliyat doirasi kengaygani, Iroq va Suriya chegaralaridan chiqqani ayon bo’lmoqda.

G’arb davlatlari Parijdagi xurujlarni amalga oshirganlar hamda “Islomiy davlat”ning Suriya va Iroqdagi rahbarlari o’rtasida aloqa bor-yo’qligini aniqlashga urinyapti.

Futbol stadioni, konsert zali va restoranlarda bir paytning o’zida bir necha bombani portlatish jiddiy tayyorgarlikni talab qiluvchi katta operatsiyadir.

“Parij xurujlarini shunchaki “Islomiy davlat” faoliyatidan ilhomlanganlar emas, balki guruh buyruqlarini bevosita bajargan odamlar tashkil etganga o’xshaydi”, - deydi AQSh Milliy aksil-terror markazi sobiq direktori Metyu Olsen.

Kongressdagi tinglovda qonunchilar savollariga javob berar ekan, u “Islomiy davlat” guruhi amalga oshirayotgan tashqi hujumlar, xususan Bayrut va Parijdagi bomba portlashlari hamda Rossiya samolyotining portlatilishi oldingi xurujlarga qaraganda murakkabroq va yanada shafqatsizroq ekanini aytdi.

Kongress Vakillar palatasining Ichki xavfsizlik qo’mitasi ma’lumotlariga ko’ra, “Islomiy davlat” G’arbda 60 dan ziyod xurujni amalga oshirgan yoki tashkil etgan, ulardan 18 tasi AQShda.

“Islomiy davlat” yagona qo’mondonlikka ega bo’lmasa-da, turli ijtimoiy tarmoqlar orqali butun dunyo bo’ylab o’z tarafdorlari bilan bemalol aloqa qila oladi, deydi Olsen.

Ularning bu salohiyati jiddiy xavotirlarga sabab bo’lmoqda. Rasmiylarning taxminlariga ko’ra, Parij xurujlarini tashkil qilgan Abdulhamid Abaud yaqinda Suriyaga borib kelgan.

“Parij xurujlari eng dahshatli taxminlarimizni tasdiqladi: Suriya va Iroqqa borib “Islomiy davlat”ga qo’shilgan minglab xorijiy jangarilarning ayrimlari endi G’arbga qaytib, terror amaliyotlarini yo’lga qo’yishga shay”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi, Ichki xavfsizlik qo’mitasi raisi Mayk Makkol.

AQSh rasmiylariga ko’ra, G’arb davlatlarining 5000 dan ziyod fuqarosi Suriya va Iroqqa borgan, kamida 80 foizi “Islomiy davlat” safida jang qilmoqda.

Ba’zilari Iroq da Suriyada jang qilganidan keyin qanday qilib vataniga bemalol qaytgani hozircha aniq emas. Ammo ularning G’arb davlatlari uchun jiddiy tahdid ekani shubhasiz.

“Islomiy davlat” xorijiy jangarilarni o’z vatanida qo’llash imkoni haqida anchadan beri gapirib keladi. Shunga qaramay, mutaxassislar va hatto, rasmiylarning tan olishicha, razvedka xizmatlari ham, hukumatlar ham bu tahdidlarni jiddiy qabul qilmagan va “Islomiy davlat” Parijdagi kabi xurujlarga qodir ekanligiga ishonmagan.

“Islomiy davlat” bundan keyin yana qator xurujlarni amalga oshirishga urinadi, deydi mutaxassislar.

AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsya Iroq va Suriyada “Islomiy davlat”dan qancha ko’p hududlarni tortib olsa, guruhning boshqa o’lkalarda hujumlar uyushtirish ehtimoli shuncha ko’payadi.

Bundan tashqari, jangarilar saflarida jang qilib, so’ngra G’arbga qaytganlar yoshlar orasida targ’ibot o’tkazib, ularni ekstremistlar saflariga jalb etishi mumkin. Shuningdek, “Islomiy davlat” boshqa radikal guruhlar a’zolarini o’z tarafiga o’tishga undashga usta.

Biroq, deydi mutaxassislar, “Islomiy davlat” jangarilari Yevropaga o’ta olishi va xuruj uyushtirishga qodirligini namoyish etgan bo’lsa-da, AQShga borib, Parijdagi kabi xurujlar uyushtirishi ancha qiyin.

“AQShning o’zida eng katta tahdid “Islomiy davlat” saflarida jang qilib, qaytib kelganlar emas, balki guruh mafkurasidan ilhomlanayotganlar”, - deb fikr bildiradi Vashingtondagi Yangi Amerika jamg’armasi eksperti Piter Bergen.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG