Respublikachi da'vogarlar: Tashqi yordamni kamaytiramiz

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka respublikachilardan da'vogarlar Las-Vegasdagi teledebatda. Mitt Romni (chapda) va Rik Perri, 18-oktabr, 2011-yil

Prezidentlikka respublikachilardan da'vogarlar Las-Vegasdagi teledebatda. Mitt Romni (chapda) va Rik Perri, 18-oktabr, 2011-yil

Amerikada prezidentlik uchun poyga avjida. Saylovlar 2012-yilning 6-noyabrida o'tadi. Ungacha esa Respublikachilar Partiyasi amaldagi rahbar, demokrat Barak Obama bilan bellasha oladigan nomzodni tanlashi kerak.

Yangi yilning birinchi oyidanoq shtatma-shtat saralash jarayoni boshlanadi. Respublikachi da'vogarlar shu kunga qadar bir necha televizion debatda kuch sinashdi. Amerikaliklarni asosan iqtisodiy masalalar qiziqtiradi, ammo tashqi siyosatga doir savollar ham yo'q emas, xususan AQShning boshqa mamlakatlarga beradigan moliyaviy-moddiy yordami.

Har yili bu maqsadda kamida 20 milliard dollar ajratiladi. Oq Uyni Obamadan tortib olishga tayyor respublikachilar orasida tashqi yordamni butunlay bekor qilish kerak deb chiqayotganlar bor.

Respublikachi da'vogarlar shu kunga qadar bir necha televizion debatda bellashdi. Amerikaliklarni asosan iqtisodiy masalalar, arboblarning ishsizlikni tugatish rejalari qiziqtiradi, ammo tashqi siyosatga doir savollar ham yo'q emas, xususan AQShning boshqa mamlakatlarga yordami.

Respublikachi da'vogarlarning so'nggi teledebati Las-Vegasda bo'lib o'tdi. Deyarli barchasi prezidentlikka saylansa, tashqi yordamni qisqartirishini aytdi.

Texas gubernatori Rik Perri shular jumlasidan. Texaslik yana bir arbob, kongressmen Ron Pol federal hukumat hajmini qisqartirmoqchi, chetga pul yuborishga chek qo'yish vaqti keldi, deydi.

Ron Pol saylovchilarga murojaat qilar ekan, Konstitutsiyada sizlarning pullaringizni olib, xorijga berish kerak deb aytilmagan, deydi.

"Tashqi yordam mamlakatimizdagi kambag'allar pulini olib, qashshoq davlatlarning boy fuqarolariga uzatish deganidir men uchun", - deydi arbob.

Masachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni ommaviy so'rovlarda peshqadam. Uning aytishicha, Amerika og'ir iqtisodiy davrni boshdan kechirayotgan bir mahalda xorij uchun saxovatpeshalik qilish mavridi emas.

"Xitoydan qarzga pul olib, so'ng uni insonparvarlik yordami sifatida boshqa bir davlatga uzatishning ma'nosini tushunmayman. Xitoyning o'zi bizning vositachiligimizsiz ularga yordam bergani ma'qul", - deydi Romni.

Jorjiya shtatidan qora tanli tadbirkor Xerman Keyn ham so'rovlarda Romni bilan deyarli yonma-yon ketyapti.

Respublikachilarning tashqi yordamga bunday munosabatini ayrim faollar va nasroniy yetakchilar tanqid qilmoqda. Ular nazarida xorijiy yordamni qisqartirish mas'uliyatsiz va ahloqsiz bir tashabbusdir.

Insonparvarlik bilan shug'ullanuvchi injilchi tashkilot rahbari Richard Chijikning aytishicha, bunday yordam dasturlari milliy manfaatimizga javob beradi.

"Nasroniylikka ham to'g'ri keladi, chunki Injilda bitilgan mehr-muruvvat kabi qadriyatlarni o'zida mujassamlashtiradi".

Respublikachi da'vogarlarning pozitsiyasi tahlilchilarni ham xavotirga solmoqda.

Xezer Xurlburtning aytishicha, bunday siyosat saylovchilarning xohishiga qarshi, chunki amerikaliklar global jamiyatda yashayotganini, jahon ahli bilan qo'shnichilik ahamiyatini tushunadigan xalq bo'lib, jahon fuqarosi sifatida boshqalarga yordam qo'lini cho'zish ularning burchi ekanini to'g'ri anglaydi.

Xurlburtning ta'kidlashicha, tashqi yordam Amerika davlat byudjetining juda ham kichik qismini tashkil etishini amerikaliklarning aksariyati bilmaydi.

"Xorijiy ko'mak miqdori yillik xarajatlarimizning bir foizini ham tashkil etmaydi. Amerikaliklar buni bilmaydi, 20 foiz atrofida deb o'ylashadi. 5-10 foizga tushirishni taklif qilishadi, ammo aslida bu hozirgi ko'rsatkichdan ko'proq bo'lar edi", - deydi mutaxassis.

15-noyabr kuni respublikachi da'vogarlar yana bir teledebatda kuch sinashadi. Bu safar asosiy urg'u tashqi siyosatga qaratiladi. Jumladan xorijiy ko'mak dasturlariga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG