Muammodan imkoniyat yasayotgan kompaniyalar

  • Amerika Ovozi

Gidravlik texnologiyalar sharofati bilan AQShda hozir neft va gaz ishlab chiqarish hajmi keskin oshgan, lekin bu usulning ekologiyaga ta’siri, ayniqsa, ichimlik suvini zaharlashi xususida xavotirlar bor.

Muammodan imkoniyat yasaydigan xususiy kompaniyalar, kashfiyotchilar suvni tozalash bo’yicha yechimlar bilan chiqmoqda.

“OriginOil” kompaniyasi loyihalashtirgan apparat neft konidan keltirilgan suvni quyqumdan tozalab beradi. Mashinani aslida boshqa maqsadda yaratgan edik, deydi kompaniya rahbari Riggs Ekelberri.

“Neft qoldiqlari chirigan po’panak o’tga o’xshaydi. Uni ajratib olsangiz, toza suv qoladi xolos”, - deydi u.

“OriginOil” mutaxassislari yangi texnologiyani Kaliforniyada namoyish etdi. Yer qa’ridan chiqarilgan suvni apparatdan o’tkazib ko’rishdi.

“Neft konidan olinib, tozalangan suvdan ham qoramoy chiqarib berdik. Hamma hayron qoldi”, - deydi Riggs.

Kompaniya bosh menejeri Bill Charneskiga ko’ra, suv tarkibidagi neft qoldiqlari oz bo’lsada daromadbop mahsulot.

“Chunki moyni suvdan ajratib olish qiyin emas. Quvurga joylab, neftni qayta ishlash zavodiga jo’natsangiz bo’lgani”.

Neft va gaz konlaridan suv chiqishi tabiiy jarayon. Mahsulotni qazib olishda hozir keng tarqalgan usul - yer ostiga qum va ximikatlar bilan aralashtirilgan eritma yuborishdir.

Uni tayyorlash uchun mashinalarda minglab tonna suv olib kelinadi. Ishlatib bo’lingach, tozalash uchun olib ketiladi.

Logistik jihatdan bu ancha qimmatga tushmoqda. Rays universiteti olimi Endryu Barron suv muammolarini o’rganadi. Uning aytishicha, bu xizmatlarni joyida ko’rsatadigan kompaniyalar ko’payayapti.

“Loyiha ketayotgan joydagi sharoitga qarab, texnologiyalar ham turlicha. Konning bir chetida laboratoriya ochib, suvni tozalab berishadi”.

Gaz qazishning gidravlik usuli yer osti suvlarini zaharlayapti degan xavotirlar butun Amerika bo’ylab namoyishlarga turtki bergan. Endryu Barron buni tekshirish yo’lini ishlab chiqdi.

“Gaz quduqlarida kichik moslama o’rnatish mumkin. Shahar-qishloqlarda suv zaharlangani aniqlansa, manbaini darrov aniqlaysiz”, - deydi olim.

Bunday kashfiyotlar tabiatparvar guruhlarni tinchlantirishi dargumon, lekin olim fikricha, aniq raqamlar bilan kompaniyalarni javobgarlikka tutish ham osonlashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG