Tojikiston ziyolilari: Parijdagi teraktda rassomlarning ham aybi bor


Tahlilchilarga ko’ra, Fransiyada ro’y bergan qonli teraktdan so’ng Tojikistonda o’tkazilgan so’rov islom dunyosi radikallashib borayotganini tasdiqlaydi. Respublika bo’ylab ziyolilar orasida o’tkazilgan so’rovga qaraganda, respondentlarning aksariyati terroristlarni oqlagandek.

Xo’jand davlat universiteti o’qituvchisi Nabialloh Sunnatiy deydiki, musulmonlarni tushunish mumkindir, ammo jaholatni oqlab bo’lmaydi.

“Garchi islom payg’ambarni tahqirlasalar, shunga yarasha javob berishga vazifadorsizlar deb talab qo’ysada, bugungi zamon insonlardan sabr-toqat va birlikni so’raydi, Parijda bo’lgani qadar jaholat, qon to’kishlarni qoralaydi. Bunaqa narsalar davlatlar miqyosida o’zaro muloqot, tinch yo’l bilan hal etilishi kerak. Negaki, bunaqada butun musulmon olamida ahvol yomonlashib boraveradi, men buni qoralayman”, - deydi u.

Lekin Tojikistonda ziyolilar orasida Parijdagi terakt borasida o’tkazilgan so’rovdan ma’lum bo’ldiki, respublikada buni oqlovchilar anchagina ekan. Masalan, dushanbelik Hikmatyor Shoyev men bir musulmon sifatida 100 foiz terakt tarafdoriman, deydi.

“Bizning payg’ambarimizni tahqirlashar ekan, bu menga juda qattiq ta’sir qiladi. Butparast bo’lsin, nasroniy bo’lsin, kim bo’lmasin, butun dunyoda odamlar qaysi dinga sig’inmasinlar, bir-birlarini e’tirof etishlari, tushunishlari, hurmat qilishlari shart. Hech qachon bir qabila, boshqa din yoki qavm orasida shunaqa ixtilof, tahqirlar bo’lmasligi kerak. Men tamoman o’sha terakt tarafdori edim”, - deydi Shoyev.

Xatlon viloyatidan bo’lgan Ahmadi Bilolov ham fransuz rassomlari xato qilgan, ularning ham aybi bor, lekin mutaassiblarni tushunsa bo’ladi, deydi.

“Musulmonlar payg’ambari karikaturasini chop etgan o’sha jurnalistlar ishi aslan xatolik edi. Jurnal tahririyatiga nisbatan xuruj uyushtirgan guruhning ishi ham xato. Ammo, o’zingiz o’ylab ko’ring, butun boshli jahon dinining muqaddas e’tiqodiga nopisandlik qilinsa, oyoq osti qilinib masxara etilsa, albatta mutaassiblar bunga chidab turolmaydi, buni tushunsa bo’ladi”.

Mastchoh nohiyasidan jurnalist Erkin Shamsiyev bu borada fikr yuritar ekan, har kimning shaxsan e’tiqod qilgan, bayroq qilib ko’targan narsasi bo’ladi, unga daxolat, til tekkizilsa yoki o’sha narsa puchga chiqarilsa, chidab turisholmaydi, deydi.

“Birovning tili, dili boshqa, uni hurmat uni e’tirof, hurmat qilish kerak. Bizda ayniqsa diniy narsa bayroqbardor qilib ko’tariladi. Bunga buzg’unchilik, noto’g’ri ta’limotdek qaralsa – bu kechirib bo’lmaydigan hol. Mana shu narsalar teraktga sabab bo’ldi”, - deydi suhbatdosh.

Jurnalist Aziz Naqibzod har qanday zo’rlik va qon to’kishni hech narsa bilan oqlab bo’lmaydi desa, panjakentlik hamkasbi Xurshed Fozilov nazarida nasroniylar ishini oqlab bo’lmaydi. U fransuzlarga hamfikr bo’layotgan amerikaliklarni qoralab, ularga ham xuruj bo’lishi mumkin, deydi.

“Hamfirkrmiz deb ular ham payg’ambar karikaturasini chop etishdi. Ehtimol Amerikada ham bir kun portlash bo’lsa, bu bashorat emas, meni shaxsiy fikrim. Shunday bir gumon qilaman, o’sha rasmlarni chop etmaslik kerak edi. Mana, Germaniyada odamlar mamlakat islomlashib ketyapti deb mitinglar qilishdi, axir biron musulmon davlatida nasroniylar ko’payib ketdi deb norozilik bildirishmaydi-ku. Nasroniylar ishini oqlab bo’lmaydi, payg’ambarni karikaturasini chop etish ulkan gunoh hisoblanadi, bu bilan ular misoli arini uyasiga qo’l tiqishmoqda”.

Dushanbelik jurnalist Haramguli Qodiriy fikricha, fransuzlar bila turib o’zlarini qurbon qilishgan.

“Men afsus qilaman, ammo qaytarib aytamanki, o’z harakatlari bilan bu hamksablarimiz o’zlarini qurbon qilishga bordilar. Axir boshqa yerlarda shunaqa karikatura e’lon qilinib, shunaqa teraktlar bo’lgandi. Ko’ra-bila turib, yana shunga qo’l urishdi, nahot shuni tushunmasalar? Qarangki, bir marta Vatikanni qayeridadir musulmon mamlakatida, Falastindamidi bilmadim, suratini chiqarishganda shaxsan Barak Obamaning o’zi aytdiki, bu buzg’unchilik, matbuot terrorizmi dedi. Ammo nega payg’ambarni chiqarishganda buzg’unchilik, terrorizm bo’lmasin?”

Kuzatuvchilarga ko’ra, Parijning o’zida ham ba’zilar karikaturani oqlamasalar-da, G’arbda islom dunyosiga nazar bir qadar keskinlashgani qayd etiladi.

XS
SM
MD
LG