Fransuz jurnalidagi yangi karikatura musulmonlarni ranjitdi

  • Amerika Ovozi

Tahririyatiga hujum qilinganidan qariyb bir hafta o’tib Fransiyaning “Charlie Ebdo” haftanomasi yana bosmadan chiqdi, va yana uning bosh sahifasida Muhammad payg’ambarning satirik tarzdagi rasmini ko’rish mumkin.

7-yanvar kungi hujumda tahririyatning 10 xodimi, shu jumladan karikaturachilar, hamda ikki politsiya zobiti halok bo’lgan edi.

O’shandan buyon mamlakat bo’ylab so’z erkinligi himoyasiga namoyishlar bo’lib o’tdi. Dunyo davlatlari rahbarlari Parijdagi namoyishda qatnashib, Fransiyaga hamdardlik bildirdi.

Haftanomaning 14-yanvargi sonida Muhammad payg’ambarning ko’z yoshi to’kayotgani va “Hammasi avf etildi” deyayotgani tasvirlangan. Shuningdek, “Men Sharliman” degan yozuv tushirilgan.

Bunday tasvir dunyo bo’ylab musulmonlar noroziligiga sabab bo’lmoqda. Britaniya Musulmonlar uyushmasi prezidenti Umar El-Hamdun musulmonlar ranjiganini aytadi.

“Men uchun bu surat jirkanchli, jig’imga ham tegdi, chunki hozirgi hodisalar 2005-yilda Daniya gazetasi chop etgan karikaturalardan farq qilmay qoldi. O’shanda gazeta va jurnallar o’z noroziligini namoyish qilish uchun karikaturalarni birin-ketin bosib chiqargan edi. Bu esa o’z navbatida odamlarni haqorat qilgan,” - deydi u.

​Iordaniya qirollar oilasi vakili, shahzoda Hasan bin Talal ham hajviy suratlarni tanqid qildi. U “Men Sharliman” o’rniga “Men Ahmadman” deb chiqdi. Gap shundaki, Parijdagi hujum chog’ida halok bo’lgan politsiya zobitlarining biri Ahmad ismli yigit edi.

Haftanomaning yangi soni uch million nusxada bosmadan chiqdi. Odatda har hafta 60 ming nusxa sotilar edi.

G’arbdagi bir necha gazeta va jurnallar ham “Sharli Ebdo”da chiqqan karikaturalarni chop etmoqda.

Haftanoma xususan turli dinlarni tanqid qilish va kulgili ravishda ifodalash bilan tanilgan. Aynan Muhammad payg’ambar tasvirlari o’tgan haftadagi xurujlarga sabab bo’ldi.

Tahririyatga hujum qilgan aka-uka Kuashiylar binodan chiqayotganida “Biz payg’ambarimiz uchun qasos oldik” deya baqirgani aytilmoqda.

Ko’plab musulmonlar karikaturalarni haqorat deya qabul qildi.

Jurnal xodimi Zineb El-Razuiy bugungi muqovani tushuntirar ekan, “biz hujumchilarni avf etdik… Biz ulardan nafratlanmaymiz. Biz odamlarga qarshi emas, mafkuraga qarshi kurashyapmiz”, deb aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG