7-may kuni Fransiya yangi prezidentni saylaydi

  • Amerika Ovozi

Sobiq iqtisodiyot vaziri Emmanuel Makron, mamlakat iqtisodini oyoqqa turg'izib, Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishni va'da qilayapti. Marin Le Pen millatchi siyosatchi, Yevropa Ittifoqini tark etib, ayniqsa, musulmon davlatlardan immigratsiyaga chek qo'ymoqchi.

Fransiyada so'nggi bir necha o'n yilda ilk bor fuqarolar dam olish kungi prezident saylovlarida hukmron partiyalardan bo'lmagan nomzodlarga ovoz beradi.

Biri Emmanuel Makron, mamlakat iqtisodini oyoqqa turg'izib, Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishni va'da qilayapti. Marin Le Pen millatchi siyosatchi, Yevropa Ittifoqini tark etib, ayniqsa, musulmon davlatlardan immigratsiyaga chek qo'ymoqchi.

Fransiyada saylovlar qizigandan qizimoqda. Fuqarolar globalizatsiya siyosatini davom ettirish yoki Fransiyani Yevropa Ittifoqidan ajratib, chegaralarni yopish yo'lidan birini tanlashi kerak.

"Bugun shakllanayotgan jahonda men eng munosib nomzodman", - deydi Marin Le Pen. "Rossiya rahbari Putin, Amerika rahbari Tramp, Britaniya bosh vaziri Mey, Hindistonda Modi bilan gapim gapimga to'g'ri keladi. Chunki bu davlatlar erkin savdo, raqobat, ijtimoiy himoyani kamaytirish kabi siyosatdan asta-sekin chekinmoqda. Bu jihatda ular bilan fikrimiz bir joydan chiqadi", - deydi u.

Prezident saylovlarining birinchi bosqichida millatchi Le Pen ikkinchi o'rinni oldi. U Fransiya zavodlarida ish o'rinlarini oshirib, ijtimoiy himoyani qayta tiklash kabi va'dalar bilan odamlarni o'ziga jalb qilish umidida.

Sobiq Iqtisodiyot vaziri Makron poygada birinchilikni qo'lga kiritdi.

"Fransiyaning intellektual, siyosiy va ma'naviy-axloqiy merosi haqidagina emas, balki Yevropa birdamligi haqida gap ketmoqda", - deydi Makron.

Fransiyada tobora oshib borayotgan ishsizlik, terrorchilar hujumlari globalizatsiyaga qarshi fikrlarni, mavjud siyosiy tartibga qarshilikni kuchaytirgan.

Le Pen yevrodan xalos bo'lmoqchi. So'lchi va markazchi kuchlar uni xavfli arbob deb biladi. Oxirgi debatlarda Makron Le Pen Fransiyada fuqarolar urushiga turtki berishi mumkin, dedi.

Xo'sh, hukmron Sotsialistlar partiyasining sobiq vakili Makron nima uchun jamoatchilik orasida nom qozondi?

"U o'zini yangicha fikrlaydigan, hech kimga ergashmaydigan arbob sifatida tanitdi. Uning qo'lidan nima kelishini endi ko'ramiz", - deydi tarixchi Patrik Veyl.

Fransiyada fikrlar bugun har qanchongidan ikkiga bo'lingan. Mamlakat qaysi yo'lni tanlashini shu yakshanba kungi saylovlar hal qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG