Le Pen tarafdorlari Fransiyada prezident saylovlari taqdirini hal qilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Milliy front partiyasi sardori Marin Le Pen saylovlarda uchinchi o'rinni olib, keyingi bosqichga chiqa olmadi, parij, 22-aprel, 2012-yil.

Milliy front partiyasi sardori Marin Le Pen saylovlarda uchinchi o'rinni olib, keyingi bosqichga chiqa olmadi, parij, 22-aprel, 2012-yil.

Fransiyada o'ta konservativ Milliy front partiyasi yetakchisi Marin Le Pen o'tgan oygi prezident saylovlarida uchinchi o'rinni oldi. Prezidentlik 6-may kuni ikkinchi bosqichda amaldagi rahbari Nikolya Sarkozi va sotsialistlardan nomzod Fransua Olland o'rtasida hal bo'lishi kutilar ekan, Le Pen tarafdorlarining kimga ovoz berishi saylov taqdirini belgilovchi muhim omil bo'lishi mumkin.

Milliy front partiyasining minglab tarafdorlari 1-may kuni an'anaviy namoyishda ko'tarinki kayfiyatda ishtirok etdi.

To'planganlar oldida Le Pen so'zlab, ikki asosiy raqibini mazax qildi.

Poytaxt Parijning boshqa qismida esa prezident Sarkozining tarafdorlari 1-mayni o'zicha nishonladi.

Uning aytishicha, Milliy frontga ovoz bergan saylovchilar fikri va dardiga quloq tutish kerak.

"Fransiya iqtisodiyoti oqsayotgan, ishsizlik darajasi 10 foizga yetgan bir paytda ularning g'azabi va noroziligini tushunsa bo'ladi", - deydi Sarkozi.

Le Pen Sarkozi yoki Ollandni rasman qo'llab-quvvatlagani yo'q. Uning talaba Xelen Justin singari tarafdorlari kimga ovoz berishni bilmay hayron.

"Aslida, hech biri menga yoqmaydi, bir-biridan farq qilmaydi, xalq g'ami bilan ishlari yo'q", - deydi u.

Jerar Virjiniye nafaqaga chiqqan, ammo u ham shu talaba kabi fikrda.

"Menga, ayniqsa, Sarkozi yoqmaydi. 2007-yil saylovlarida partiyamiz platformasini o'g'irladi, ammo prezidentlikka saylangach, va'dalarini bajarmadi", - deydi u.

Iqtisodiy og'ir sharoitda fransuzlar Milliy frontning Yevropa Ittifoqi va immigratsiyaga qarshi qarashlarini olqishlaydi. Saylovda qatnashganlardan har besh nafarining biri Le Penga ovoz berdi.

Londondagi Yevropa islohoti markazi tahlilchisi Filip Uaytning aytishicha, saylovlarning ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik paytida Sarkozi Milliy front saylovchilari ko'nglini ovlashga harakat qilmoqda.

"Buning uchun immigratsiya masalasida qattiqroq gapirib, iqtisodiyotda proteksionizm haqida hammadan qattiq bong urmoqda", - deydi ekspert.

So'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Sarkozi yakshanba kuni yengilishi mumkin. Agar Milliy front saylovchilari uni yoppasiga qo'llamasa. Biroq saylovlargacha qolgan sanoqli kunlar ichida Sarkozi ularni unga ovoz berishga ishontira oladimi, yo'qmi, noma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG