Fransiyadagi yahudiylar jamiyati musulmonlar bilan do'stlikni targ'ib qilmoqda

  • Amerika Ovozi

So’nggi bir necha terror xurujlari ketidan Fransiyada xavfsizlik choralari kuchaytirildi. O’zgarishlardan, ayniqsa, mahalliy yahudiylar xavotirda. Ekstremistlar bayonotlarida shu etnik guruhga nisbatan nafratlarini yashirmaydi. Natijada mamlakatdagi yahudiy va musulmonlar o’rtasida ziddiyat yanada kuchaymoqda. Ammo ikki o’rtada aloqalarni iliqlashtirishga urinayotganlar ham yo’q emas. Masalan, Parij yaqinida istiqomat qiluvchi yahudiylar peshvosi Mishel Serfati ana shunday shaxslardan.

Oppoq soqol va qora shlyapali Mishel Serfati diniy birodarlikni targ’ib qilish uchun musulmon jamiyatlarini kezadi, ko’chalarda odamlar bilan suhbat quradi. Suhbatdoshlaridan biri musulmonlar yahudiylardan nafratlanadi, degan qarashning noto’g’ri ekanini aytadi.

Yahudiy peshvo hozir Fransiya islomiy tashkilotlari ittifoqi binosi oldida turibdi. Guruhning Misrdagi “Musulmon birodarlar” bilan aloqaga ega ekani aytiladi.
Bu yerda yahudiylarni uchratish g’ayriodatiy, ammo Serfati oddiy yahudiylardan emas.

Uning musulmonlar bilan birodarlik o’rnatish missiyasini boshlaganiga ko’p yillar bo’lgan. Uni safarlarga olib chiqadigan kichik avtobusda “Yahudiy va musulmonlar birdamligi” yoki “Siz o’ylagandan ko’ra bir-birimizga ko’proq o’xshashmiz” degan yozuvlarni ko’rish mumkin.

Serfati jinoyatchilik yuqori bo’lgan va asosan muhojirlar yashovchi mahallalarga kirib, duch kelgan odam bilan muloqotga kirishishdan cho’chimaydi.

Parijda yuz bergan xurujlar ketidan Serfatining ishiga talab yanada katta ekani ayon bo’ldi.

Odamlar har xil; ayrimlari men tarqatadigan varaqalarni olib yerga otadi, deydi Sarfati. Uning aytishicha, ba’zilar hatto yahudiylarni o’ldirish kerak, Gitlerning ishi tamomlanmay qolgan, deyishdan ham toymaydi. U bunday tahdidlani ko’p eshitgan, ammo hozircha jismoniy tazyiqlarga yo’liqqani yo’q. Demak, do’stlikdan hanuz umid qilsa bo’ladi, deydi yahudiy dindor.

Yahudiy-musulmon do’stlik assotsiatsiyasi ana shu maqsadda tashkil qilingan.
Serfati uni Parij tashqarisidagi kichik shaharchada joylashgan sinagogadan turib boshqaradi.

Sinagoga yonida esa masjid va bir cherkov bor. Buni ataylab qildik, chunki maqsadimiz e’tiqodlararo muloqotni tiklash, deydi Serfati.

Ammo yanvar oyida yuz bergan xurujdan keyin u jiddiyroq xavfsizlik choralarini ko’ra boshladi.

Serfati dinlararo muloqot guruhini tuzishga ahd qilganda unga qo’shilishga biror yahudiyning jur’ati yetmadi.

U mamlakat bo’ylab safarlarga yosh musulmon faollari va imom Muhammad Aziziy bilan chiqadi. Serfati Aziziyni ko’p yillardan beri taniydi. Har ikkisi Marokashdan muhojir bo’lib kelgan.

Aziziyning aytishicha, antisemitizm, xurofot va islomofobiyaga qarshi kurash uzoq vaqt oladi. Buning uchun ko’p ter to’kish va sabr qilish kerak, deydi u.

Serfati 2005-yil shu tashkilotni ta’sis etgandan beri Fransiyada yahudiylarga qarshi hujumlar soni oshdi. Ko’pincha, jinoyatchilar yosh musulmonlar bo’ladi. Ammo mutaassiblik har ikki tomonda ham bor.

Serfati yahudiylar bilan uchrashganda ham muammolarga duch keladi. Masalan, xasidiy yahudiylari uni noto’g’ri ish qilayotganlikda ayblaydi. Ularga ko’ra, Ibrohim alayhissalomning ikki o’g’li - Ishoq va Ismoil bir-birini yomon ko’rgan va shuning uchun arab va yahudiylar bir-biridan abadiy nafratlanib o’tadi.

Ammo Serfati maslagidan voz kechmoqchi emas. U musulmonlar oldiga qatnashdan charchamaydi.

Islomiy tashkilotlar ittifoqi rasmiysi G’ozi Vahbiy qahvaga taklif qilib, Serfatiga iltifot ko’rsatadi.

So’ng ular o’zaro do’stlikni kuchaytirish haqidagi varaqalarni ko’zdan kechirishadi.

Vahbiyning aytishicha, musulmonlar va yahudiylar bir-birini yaxshiroq tushunishi uchun bunday muloqotlarga ehtiyoj katta.

O’tgan oy Fransiya hukumati Serfatini jamoatchilik uchun ko’rsatgan xizmati uchun Milliy mukofot bilan taqdirladi. Uning tashkiloti mamlakat bo’ylab bo’limlarini ochmoqda. Dindorning aytishicha, sekin bo’lsa ham musulmon-yahudiy do’stligi o’z mevasini bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG