Fransiya - terrorizm nishoni

  • Amerika Ovozi

Chorshanba kuni Parijda “Sharli Ebdo” satirik haftanomasi tahririyatiga uyushtirilgan hujum Fransiya uchun so’nggi yillardagi eng qonli va fojealisi bo’ldi, lekin birinchisi emas.

2014-yil oxirida u mamlakat bosh vaziri “Fransiya hech qachon shu qadar katta terror tahdidiga yuz tutmagan”, deb aytgan edi. Politsiyaga ko’ra, 2013-yil yozidan buyon Fransiyada beshta terror xuruji oldi olingan.

Darem universitetidan xalqaro xavfsizlik bo’yicha ekspert Shon Gregori deydiki, Fransiya Yevropada islomiy terrorchilikning eng birinchi nishoni, va azaldan shunday bo’lib kelgan.

“Bu ko’lamdagi hujum 1990-yillarning o’rtalarida, Fransiya Yevropadagi islomiy terrorchilikning birinchi to’lqiniga yo’liqqanida yuz bergan. 2001-yil 11-sentabrgacha va undan keyingi terror to’lqini,” - deydi u.

1995-yilda Parijda poyezd portlatilgan va 100 dan ziyod odam yaralangan edi. Voqea ortida Jazoir ekstremistlari turgan, deb aytilgan o’shanda. Kelasi yili ayni poyezd yo’lida yana bir bomba portlatildi. Hujum to’rt odamni hayotdan olib kelti, qariyb 100 odam tan jarohatlari oldi.

Gregori deydiki, 90-yillar o’rtasidan keyin zo’ravonliklar kamaydi. Bunga, xususan, siyosiy muhit sabab bo’ldi: Fransiya 2003-yilgi Iroq urushida qatnashmay, aksincha Yevropa va NATO tashkilotidan uzoqlashdi.

Ammo so’nggi yillarda terror tahdidi yana bosh ko’tardi. Yevropaning umumiy politsiya xizmati, Yevropol ma’lumotlariga ko’ra, o’tgan yilda qit’a bo’ylab 500 dan ziyod terror hodisalari qayd etilgan, ularning qariyb yarmisi Fransiyada. Terrorchilikka aloqador odamlarni hibsga olish hollarining 40 foizi ham bu mamlakatda kuzatilgan.

Tahlilchi Gregori deydiki, islomiy terrorning qayta kuchayishiga Fransiya rahbariyati siyosatining o’zgargani qisman sabab bo’lgan.

“Fransiya Afg’onistondagi missiyada ishtirok etdi. Shimoliy Afrika hamda Liviya va Marokashdagi vaziyatni barqarorlashtirishda faol qatnashdi. Va albatta, 2013-14-yillarda Malidagi operatsiyani aytib o’tish kerak,” – deydi u.

Fransiya g’arbiy Yevropa mamlakatlari orasida eng katta musulmon (5 million odam) aholiga ega mamlakat.

Gregori deydiki, Fransiya rahbariyatining musulmonlarga oid ayrim qarorlari ham vaziyatning og’irlashishiga olib kelgan. Masalan, davlat idoralari va maktablarda hijobda yurishning taqiqlanishi.

“Musulmon jamoalari o’zini bosim nishoni deb sezdi, chunki Fransiya rahbariyati dunyoviylik tamoyiliga va diniy siymolarning jamoat joylaridan olib tashlashga urg’u berdi. Bu omillarning bari oqibatida Fransiya terror tahdidining birinchi nishoniga aylandi,” – deydi u.

Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, Suriya va Iroqdagi jihodchi guruhlar saflarida qariyb 400 fransiyalik jang qilmoqda. Yana yuzlab odam Yaqin Sharqqa otlangan. Qariyb 200 kishi Fransiyaga qaytib keldi va sudni kutmoqda.

Ekseter universitetidan terrorizm bo’yicha ekspert Bill Tapman deydiki, Fransiyadagi siyosiy muhit shundayki, “Sharli Ebdo”ga hujum siyosiy va ijtimoiy vaziyatga katta ta’sir ko’rsatadi.

“Ilgarigi vaziyatda o’ta o’ng qarashga ega kuchlarni qo’llaydiganlar kam edi. Hozirda esa Yevropaning boshqa mamlakatlari kabi immigratsiyaga qarshi, ko’p millatlilik, milliy o’zlikka qarshi chiqayotganlar tarafdorlari ko’paygan”.

Chorshanba kungi hujum musulmonlarga qarshi kayfiyatlarni ham kuchaytiradi, deydi mutaxassis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG