Tramp: Terrorchilarga qarshi urush e'lon qilish kerak

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligi uchun respublikachi nomzod Donald Tramp Fransiyadagi terror xurujini qoralab, "prezident bo'lsam, Kongressdan "Islomiy davlat" guruhiga qarshi urush e'lon qilishni so'ragan bo'lardim", dedi.

Nitsa shahrida yuk mashinasi odamlar ustidan katta tezlikda yurib o'tib, 84 kishini o'ldirgan, 100 dan ortiq odamni yaralagan. Hodisa aholi Bastiliya mustaqillik bayramini nishonlayotgan paytda ro'y bergan. O'lganlardan 10 nafari bolalar.

"Urushdamiz. Raqib tomon harbiy forma kiygan odamlar emas, terrorchilar. Ular kimligini aniq bilmaymiz", - deydi Donald Tramp.

NATO qo'shinlari terrorchilarga qarshi havodan va yerdan hujumga o'tsinmi, degan savolga tadbirkor "qarshiligim yo'q", deb javob qildi.

Prezidentlikka demokrat nomzod Hillari Klinton esa "Islomiy davlat" bilan jangga askarlar safarbar etilishiga qarshi.

"Terrorchi guruhlar va ularning mafkurasiga qarshi urushdamiz. Bu oddiy urush emas, g'alabaga erishish uchun yondashuv ham boshqacha bo'lishi kerak", - deydi Klinton.

Dushman aynan kim, degan savolga Klintonning javobi shunday:

"O'zlarining yovuz maqsadlariga erishish uchun islom dinidan foydalanayotgan radikal jihodchilar. Ularni nima deb atashimiz emas, qanday chora ko'rishimiz muhimroq".

Fransiyada motam

Suv bo'yidagi Nitsa shahrida odamlarni bosib ketgan mashina haydovchisi 31 yoshli, Tunis va Fransiya fuqarosi ekani aytilmoqda. U otib o'ldirilgan. Uning "Islomiy davlat" yoki boshqa terror guruhlariga aloqasi borligi tasdiqlangani yo'q.

Prezident Fransua Olland xurujning terror amaliyoti ekanini aytdi.

Davlat rahbari xavfsizlik bo'yich rasmiylar bilan uchrashib, favqulodda holatni yana uch oyga cho'zdirdi. So'nggi terror xurujlaridan so'ng yo'lga qo'yilgan favqulodda holat shu oy oxirida tugashi kerak edi. Bosh vazir Manuel Vals mamlakatda uch kun motam tutilishini e'lon qildi.

Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, hujumchi mashinasidan portlovchi moddalar, granata va boshqa qurollar ham topilgan.

Parij prokuraturasi hodisani tergov qilmoqda. O'lganlar orasida politsiyachilar ko'p. Prezident Fransua Olland 50 kishi og'ir ahvolda ekanini aytdi.

Prezident Barak Obama hodisani "dahshatli terror hujumi" deb atadi va AQSh rasmiylarini Fransiyaga istalgan yordamni berishni buyurdi.

O'lganlar orasida ikki amerikalik ham borligi ma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG