Fransuzlar Malidagi harakatlar qisqa va samarali bo’ladi degan umidda

  • Amerika Ovozi

Mali va Fransiya askarlari Bamako aeroportida. 15-yanvar 2013.

Mali va Fransiya askarlari Bamako aeroportida. 15-yanvar 2013.

Fransiyaning Malidagi harbiy harakatlari aholi hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda. Biroq Afrikaning bu mamlakatidagi janglar qancha davom etishi va isyonchilarning fransuzlardan o’ch olish uchun nimalar qilishi mumkinligi kuchli xavotir uyg’otmoqda.

Malida harbiy operatsiya boshlanganidan to’rt kun o’tib, Fransiya nafaqat janubda islomiy jangarilar, balki orol shimolidagi isyonchilarga qarshi kurashni jadallashtirdi.

Fransiya radiosiga bergan intervyusida bu mamlakatning Malidagi elchisi Kristian Roye nafaqat Mali, balki butun Sohil mintaqasi barqarorligiga raxna solayotgan ekstremistlarga qarshi kurash jadal sur’atlar bilan olib borilayotganini aytdi.

“Fransiya havo kuchlarining hujumlari vaziyatni o’zgartirdi, - deydi elchi. - Jangarilarni Mokti va Savar kabi strategik ahamiyatga ega shaharlardan quvib chiqardik. Poytaxtda esa vaziyat tinch”.

Ayni vaqtda Parij rasmiylari isyonchilarning tayyorgarlik darajasi a’lo ekanidan taajjubda. Hujumda Fransiya ustun kelganidan bir necha soat o’tgach jangarilar Diabali shahrini egalladi.

Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro guruhning Dakardagi eksperti Jill Yabi fikricha, Mali shimolida isnyonchilarni yo’q qilish oson bo’lmaydi.

“Bunday operatsiya rejadan ko’proq vaqt davom etishi ehtimoli bor. Bu oddiy urush emas. Dushman juda tezkor. Gap terrorchi guruhlar haqida ketyapti. Ular Fransiyaning qudratli qo’shinlariga qarshi kurasholmay, shaharlardan quvib chiqarilganidan so’ng, Jazoirga yaqin hududlardagi tog’larda yashirinishi mumkin. Bu esa kurashni qiyinlashtiradi,” - deydi u.

Fransiyaning Maliga intervensiyasi boshlanganidan buyon prezident Fransua Olland reytingi ko’tarildi. Uning raqibi va doimiy tanqidchisi Marin Le Pen ham bu qarorni qo’llab-quvvatlamoqda.

Lekin, deya ta’kidlaydi Le Pen, Malidagi islomiy ekstremistlar - Fransiyaning Liviya va Suriyadagi xatolari oqibati.

Tanqidchilar shuningdek harbiy harakatlarning salbiy oqibatlari haqida ogohlantirmoqda. Isyonchi guruhlar Parijdan o’ch olishni va’da qilgan. Fransiya rasmiylari Malida garovga olingan sakkiz fransuz taqdiridan xavotirda.

Terrorizm bo’yicha ekspert Jan-Pyer Filyu Fransiyaning Malidagi harakatlari qisqa muddatli bo’lishi kerak, degan fikrda.

"Terrorizmga qarshi urush - katta va mavhum maqsad, deydi Filyu. - Odamlarni o’g’irlab garovga olgan va aslida jinoyatchi bo’lgan isyonchilarni yo’q qilish kerak. Konkret maqsad shu bo’lishi kerak. AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush terrorizmga qarshi urush e’lon qilib, mag’lubiyatga uchraganini yodda tutaylik".

Fransiya hukumatiga ko’ra, Malidagi islomchilarni yo’q qilish uchun qancha vaqt talab qilinsa, harbiy harakatlar ham shuncha vaqt davom etadi. Aholi esa bu maqsadga bir necha hafta ichida erishilib, askarlar tezda vatanga qaytadi degan umidda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG