Fransiya Senati genotsidni rad etishni jinoyat deb topdi

  • Amerika Ovozi

Fransiyada yashayotgan turkiyaliklar yangi qonun loyihasiga qarshi namoyish qilmoqda

Fransiyada yashayotgan turkiyaliklar yangi qonun loyihasiga qarshi namoyish qilmoqda

Fransiya Senati genotsidni inkor etishni jinoyat deb belgilovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Turkiya g’azabda.

Qonun kuchga kirsa, bir asr oldin Usmoniylar imperiyasida armanlarning qirilganini genotsid sifatida rad etish ham jinoyatga barobar.

Armaniston Tashqi ishlar vaziri Eduard Nalbandyan so’zlariga ko’ra, bu sana inson huquqlari himoyasi tarixida zarhal harflar bilan bitiladi.

Fransiya parlamenti quyi palatasi loyihani o’tgan oy yoqlab chiqqan edi, kecha Senat ham uni ma’qulladi. Prezident Nikolya Sarkozi 15 kun ichida loyihani imzolashi kutilmoqda.

Qonunni buzgan shaxs 60 ming dollar jarima to’lab, bir yilgacha qamoqda o’tirishi kerak.

Quyi palata qaroridan keyinoq rasmiy Anqara o’z dengiz sarhadlariga Fransiya kemalarini kiritmay qo’yib, fransuz harbiy samolyotlarining mamlakat uzra parvozini cheklagan edi.

Turkiya nazarida Fransiya Senati adolatsiz qaror qabul qilib, Turkiyaga zarracha hurmati yo’qligini namoyish etdi.

“Agar Turkiya Fransiyaga nisbatan o’xshash qonun qabul qilsa, qanday shovqin ko’tarilishini tasavvur qilish mumkin”, - deydi Turkiyaning Fransiyadagi elchisi Tahsin Burjuo’g’li. “Senat tasdiqlagan loyiha qimmatga tushadi hali, arman, turk va fransuzlarga”, - deydi elchi.

Armaniston ta’kidiga ko’ra, Birinchi jahon urushi paytida Usmoniylar imperiyasida bir yarim million arman qirilgan. Rasmiy Anqara raqamlar bo’rttirilgan deb, urushda nafaqat armanlar, balki boshqa elatlar ham birday jabr ko’rganini aytadi.

Turkiya sanksiyalar bilan o’ch olmoqchi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi esa Turkiyani ortiqcha hissiyotga berilmaslikka chaqirib, uni muhim ittifoqchi, deya ta’riflamoqda.

O’z navbatida Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an Fransiyani 60 yil oldin Jazoir xalqini qirganlikda aybladi. “1945-yildan boshlab fransuz mustamlakachilari bu yurt aholisining 15 foizini qatl etgan”, - degan edi Erdog’an o’tgan oygi chiqishida.

Bosh vazir nazarida Fransiya rahbari Sarkozi joriy yilgi prezident saylovlari arafasida qatliom haqida atayin gap ochdi. Qayta saylanish niyatida yurgan Sarkozi arman fuqarolarning ovozini olmoqchi, deydi Erdog’an.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG