Breaking News

Fransiya qatliomi: Hujumchilar haqida nima bilamiz?


Abdislom Saloh qidiruvda
Abdislom Saloh qidiruvda

Fransiyada terror xurujini amalga oshirgan shaxslardan bir nechasining ismi ma'lum. Biri - Umar Ismoil Mustafo. Politsiya uning yaqinlarini, jumladan otasi va akasini so'roq qilmoqda.

Qidiruvdagi sakkizinchi shaxs - Abdislom Saloh, 26 yoshda, Belgiyada tug'ilgan.

13-noyabr kuni Parijning turli qismlarida otishma va portlashlarda jami 132 kishi halok bo'lgan. Umar Ismoil Mustafo bombali kamarlarni taqib, otishmalardan so'ng o'zini portlatgan 6 hujumchidan biri bo'lgan. Yettinchisi politsiya bilan otishmada o'lgan.

Politsiya Bataklan konsert zalida topilgan barmoqni analizdan o'tkazib, uning shaxsini aniqladi. Eng ko'p odam o'lgan joy ham mana shu konsert zalidir. Yettovlondan uch nafari Fransiya fuqarolari.

Prokuror Fransua Molins so'zlariga ko'ra, 29 yoshli Mustafo mayda jinoyatchi va radikal qarashdagi shaxs sifatida politsiya ro'yxatida bo'lsa-da, uni hibsga olish uchun biror asos bo'lmagan.

Qochqinlar orasida terrorchi

Bu orada, politsiya Parijdagi bar va restoranlarni o'qqa tutgan mashinani aniqlab, ichidan uch dona Kalashnikov avtomati topildi. Uning haydovchisi qidirilmoqda. Yana bir mashina Bataklan konsert zali yaqinida bo'lgan.

Fransiya rasmiylarining aytishicha, o'lgan hujumchilardan birining yonida Suriya pasporti bo'lib, u minglab qochqinlar qatorida Yevropaga kirgani ma'lum.

"Bu shaxs oktabrda Gretsiyaning Leros orolida ro'yxatga olinganini tasdiqlaymiz", - deydi Gretsiya Fuqaro himoyasi vaziri Nikos Toskas. U Serbiya va Xorvatiya hududidan o'tgani haqida ham hujjatlar bor.

Parijdagi hujumlarning Belgiyada sheriklari borligi aniqlangach, bu davlatda reydlar o'tkazildi, 7 kishi hibsga olingan.

Munosabat

Dunyo yetakchilari Parij qatliomini qoraladi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu islomiy terrorizm tahdidi haqida ogohlantirmoqda.

Rim papasi Fransisk esa zo'ravonlik va nafrat bilan nsoniyat yuzlashyotgan muammolarni hal etib bo'lmaydi, deydi.

Fransuz senatori Joel Maylam fikricha, Yevropa qit'asiga har kuni minglab qochqinlar oqib kelayotgani muammolar tug'dirishi tayin. "Odamlarning radikallashuviga nima sabab bo'layotganini o'rganishimiz kerak, - deydi u.

Yevropa Kommissiyasi Prezidenti Jan-Klod Yunkerga ko'ra, Yevropaning qochqinlarga doir siyosatini o'zgartirishga hojat yo'q. "Qochqinlar aynan shunday terrorchikdan qutulish uchun vatanidan bosh olib ketayapti", - deydi u.

Qurbonlar

So'nggi raqamlarga qaraganda, 352 kishi yaralangan, 99 kishi og'ir ahvolda. Prezident Fransua "Islomiy davlat" guruhi bizning davlatga qarshi urush e'lon qildi, demoqda.

"Islomiy davlat"ning internetdagi bayonotida deyiladiki, Parij qatliomi xalqaro koalitsiyaning Iroq va Suriyada olib borayotgan harbiy amaliyotlariga javobdir.

Parijda halok bo'lganlar orasida Italiya, Jazoir, Chili, Germaniya, Meksika, Marokash, Belgiya, Tunis, Britaniya, Portugaliya, Ruminiya, Ispaniya, AQSh va Shvetsiya fuqarolari bor. Yana taxminan 30 jasadning shaxsi aniqlanmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG