Fransiyada terror hujumiga aloqador ayol qidiruvda

  • Amerika Ovozi

Fransiya politsiyasi shu hafta Parijda ro'y bergan xurujlarga aloqador ayolni qidirayapti. Hayat Bumeddin poytaxtdagi supermarketda bir necha odamni garovda saqlagan shaxsning sherigi bo'lgani aytiladi.

Fransiyada uch kun davom etgan terror hamlasi 17 odamni, jumladan, uch politsiyachini hayotdan olib ketdi. Juma kungi maxsus reydlar natijasida politsiya hujumchilarni o'ldirdi.

Fransiya rasmiylarining aytishicha, chorshanba kuni "Charlie Hebdo" haftanomasining idorasiga bostirib kirib, 12 kishini otib o'ldirgan aka-uka Sharif va Said Kuachi yo'q qilingan.

Politsiya shahardagi yahudiy do'konini ham qurshovga olib, besh odamni garovda ushlab turgan shaxs Amedi Kulibalini otib o'ldirgan. Garovdagilardan to'rt nafari halok bo'lgan.

Hayat Bumeddin Amedi Kulibalining hamrohi, turmush o'rtog'i bo'lgani, xuruj haqida oldindan xabardor bo'lgani taxmin qilinadi. U Fransiyadan qochgan degan ehtimollar bor.

Aka-uka Kuachilar, Amedi Kulibali va Hayat Bumeddin bir-birini yaxshi tanigani, kelishib ishlagani aytiladi.

Juma kuni jurnalistlar bilan ko'rishgan Prezident Fransua Olland xavfsizlik kuchlariga qilingan ish uchun rahmat aytdi.

"Jasoratingiz, tezkor harakatingizni olqishlayman", - dedi prezident. "Fransiya shunday farzandlari borligidan faxrlanadi", - dedi u.

Parijda yakshanba kuni birdamlik marshi o'tishi va unda Yevropaning aksariyat davlatlaridan rahbarlar qatnashishi kutilayapti.

Hayat Bumeddin (chapda) Amedi Kulibalining terror xurujini uyushtirish rejasidan boxabar bo'lgani taxmin qilinadi.

Hayat Bumeddin (chapda) Amedi Kulibalining terror xurujini uyushtirish rejasidan boxabar bo'lgani taxmin qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG