Breaking News

Fransiyada xavfsizlikni askarlar ta'minlaydi


Parijning yahudiy mahallasi, 12-yanvar, 2015-yil
Parijning yahudiy mahallasi, 12-yanvar, 2015-yil

Fransiya terror xurujlarining oldini olish uchun 10 ming askarni ishga solmoqda. Mudofaa vaziri Jan Iv Le Drenning aytishicha, harbiylar seshanba kuni kechgacha o'zlariga topshirilgan postlarni egallaydi. Xususan, Fransiyadagi 717 ta yahudiy maktab xavfsizligi kuchaytiriladi.

Prezident Fransua Olland Vazirlar mahkamasi majlisida shunday choralarga kelishgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri payshanba va juma kunlari Parijda bo'lib, terrorizmga qarshi kurash xususida gaplashadi. AQSh razvedkasi va Federal qidiruv byurosi fransuz tergovchilari bilan o'tgan hafta Parijdagi terror xurujlarini taftish qilishga kirishgan.

Kecha Parijda 1,6 million odam birdamlik marshida qatnashgan. 40 dan ziyod davlat rahbarlari oldingi qatorlarda ko'ringan. Fransiyaning boshqa shaharlari hamda Berlin, Bryussel, Istanbul va Madridda ham namoyishlar bo'lib o'tgan.

Qo'shma Shtatlar kelasi oy Vashingtonda ekstremizmga qarshi kurashga bag'ishlangan anjuman o'tkazmoqchi. Yevropa va AQSh rasmiylari internetda radikal kayfiyatdagi odamlarga ko'z-quloq bo'lish, chegarada nazoratni kuchaytirish kerak, demoqda.

Kecha Parijga borgan AQSh Adliya vaziri Erik Xolder favqulodda majlisda qatnashib, terrorga qarshi choralar xususida fikr almashgan.

"Xurujlarga qo'l urgan odamlarni jazolash bilan bir qatorda bunday voqealarga yetaklayotgan, odamlarni radikallashtirayotgan omillarni ham o'rganish zarur", - dedi Xolder.

Unga ko'ra, 18-fevralda bo'ladigan anjumanda ittifoqchi davlatlar shu haqda gaplashadi.

Amerika bo'ylab ekstremizm sabablarini o'rganayotgan bir necha jamoa tajribasi va ulardan olingan ma'lumotlar ham o'rganiladi, deyiladi Oq uy bayonotida.

Vashingtondagi tadbirda AQSh va Yevropadan ichki ishlar va adliya vazirlari qatnashadi.

Fransiya Ichki ishlar vaziri Bernar Kaznev Parijdagi majlisda axborot almashinuvini yaxshilash hamda Yevropa bo'ylab sayohat qilayotgan yo'lovchilar haqida ma'lumot ulashish zarurati xususida gapirdi.

"Mojaro zonalariga borib terror amaliyotlarida qatnashayotgan yevropaliklarni kuzatish tizimini yaxshilab, uyushgan terror tarmoqlariga zarba berish kerak", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG