Olland Turkiyani harbiy amaliyotlarni to'xtatishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Fransiya Prezidenti Fransua Olland

Fransiya Prezidenti Fransua Olland

Fransiya Prezidenti Fransua Olland Turkiyaning Suriya shimolidagi harbiy amaliyotlarini tanqid qilib, bir-biriga zid intervensiyalar mojaroni kuchaytirishini aytdi.

Olland Anqarani janglarni bas qilib, muzokara stoliga qaytishga chaqirdi.

"Daish hujumlariga bir necha bor uchragan Turkiyaning o’zini himoya qilish uchun, chegaralari nazoratini kuchaytirishi uchun qo’shinlarining bir qismini Suriya hududiga kiritish qarorini tushunsa bo’ladi. Biroq Anqara Daishga qarshi jang qilayotgan va xalqaro koalitsiyadan madad olayotgan kurdlarni ham nishonga olmoqda. Bir-biriga zid bunday harakatlar alangani yanada avj oldirishi mumkin”, - deydi Fransiya rahbari.

Bundan bir kun oldin AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Turkiyani faqat “Islomiy davlat” to’dasi bilan olishishga, Amerikaga ittifoqchi kurd kuchlarini esa tinch qo’yishga chaqirdi.

"AQSh Turkiyaning IShIDga qarshi harakatlarini hamda chegara va Jarablus shahri orasidagi hudud xavfsizligini ta'minlash uchun qilayotgan ishlarini qo'llab-quvvatladi va qo'llab-quvvatlaydi. Lekin Jarablus janubiga o'tmasligi kerak", - dedi Karter.

AQSh rasmiylariga ko'ra, kurdlar Manbij shahri IShID jangarilaridan tozalanishi bilan Frot daryosi sharqiga o'tishga va'da bergan. Suriya demokratik kuchlari orasida ham kurdlar bor va yangi to'qnashuvlarning oldini olish uchun Turkiyaga bu haqda ma'lumot berilmoqda, dedi Karter.

Turkiya suriyalik kurd bo’linmalarini terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasiga hamkor deb biladi va ularning Turkiya chegarasida kuchayishiga yo’l qo’ymoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG