Ozodlik Uyi: O'zbekistonda huquq va erkinlik bobida o'zgarish yo'q


Ko'k rangdagi mamlakatlar "erkin emas" deya baholanadi

Ko'k rangdagi mamlakatlar "erkin emas" deya baholanadi

So’nggi bir yilda arab dunyosini ag’dar-to’ntar qilib yuborgan qo’zg’olonlar avtoritarizmga eng kuchli zarba bo’ldi. “Ozodlik Uyi” (Freedom House) tashkiloti jahonda siyosiy huquq va fuqaro erkinligi bilan bog’liq vaziyatni tahlil qilib, yillik hisobot chiqardi. O’zbekiston va Turkmaniston yana eng past baho olgan davlatlar safida.

“Ozodlik Uyi” qayd etishicha, 2011-yilda boshlangan “arab bahori” demokratiyadan o’ta yiroq regionda uch diktatorni ag’dardi va boshqa jamiyatlarga umid baxsh etdi.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika huquq va erkinlik bobida bir qadam oldinga siljiganday, lekin natija hozircha sezilmayapti, deyiladi tahlilnomada.

"Ozodlik Uyi" - Vashingtonda asoslangan nohukumat tashkilot

"Ozodlik Uyi" - Vashingtonda asoslangan nohukumat tashkilot

Chunki uzoq yillik hukmdorlar qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q, ular ham jon-jahdi bilan taxtda qolish uchun kurashmoqda, ayniqsa Suriya va Saudiya Arabistonida.

“Ozodlik Uyi” 195 mamlakatni o’z ichiga olgan bunday tahlilnomani 1972-yildan beri chiqaradi.

Demokratik qadriyatlar qanchalik e’zozlanishiga qarab, ular “erkin”, “qisman erkin” yoki “erkin emas” degan kategoriyalarga bo’linadi.

“Yomonlar orasida yomoni” degan alohida ro’yxatdan to’qqiz davlat o’rin olgan. Jumladan, Eritreya, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Suriya, Turkmaniston va O’zbekiston.

Tashkilot ta’rificha, 87 mamlakat bugun “erkin”. Bu dunyo ahlining 43 foiziga teng.

"Ozodlik Uyi" tahlilicha, O'zbekiston inson huquqlari eng og'ir ahvolda bo'lgan davlatlar qatorida

"Ozodlik Uyi" tahlilicha, O'zbekiston inson huquqlari eng og'ir ahvolda bo'lgan davlatlar qatorida

2011-yil shunisi bilan esda qoladiki, xalqini ezgan hukumatlar va hukmdorlarning o’zlari bugun bosim ostida. Biroq demokratiyaga namoyishlar bilangina erishib bo’lmasligi ham ayon.

Ayniqsa, turli yo’llar bilan uzoq vaqt hokimiyatda qolayotgan tuzumlarni yangilash qiyin. Ozarbayjon va Qozog’iston, ro’yxatda bir necha pog’ona pastga tushgan ikki davlat, bunga yaxshi misol. Qozog’istonda o’tgan yili diniy erkinlikni cheklovchi qonun qabul qilindi. Mamlakatning qashshoq g’arbiy qismida konchilar isyoni qonli ravishda bostirildi.

“Ozodlik Uyi” ga ko’ra, “yosh demokratiyalar” deb qaralgan uch davlat – Janubiy Afrika, Vengriya va Ukrainada ham fuqaro erkinligi bilan bog’liq vaziyat qoniqarsiz. Siyosiy maqsadda hibsga olishlar avj olgan. Jurnalistlarga nisbatan tazyiq oshgan Turkiya ham shu safda.

“Yomonlar orasida yomoni” ro’yxatida qolayotgan Turkmaniston va O’zbekistonda siyosiy erkinliklar bobida biror o’zgarish yo’q, deydi tadqiqot boshida turgan Arch Paddington.

Uning aytishicha, prezident Islom Karimov turli bahonalar bilan repressiyani qanchalik oshirmasin, AQSh va boshqa davlatlar uni qattiq tanqid va bosim ostiga olmayapti.

“Chunki O’zbekiston strategik hududda joylashgan, ya’ni bu davlat Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarga yordam berayotgani bilan muhim”.

XS
SM
MD
LG