Inson qadri toptalgani huquqqa e'tiborni oshirishi kerak


Huquq targ’ibotchisi Freedom House, "Ozodlik Uyi", Vashingtonda asoslangan xalqaro tashkilot nazarida Qirg’iziston janubidagi fojia insonni qadrlash eng muhim talab ekanini eslatadi. Bu nafaqat bu xalq, balki qo’shni davlatlar, qolaversa, butun jahon ahli uchun yana bir saboq, deydi tashkilotning yetakchi eksperti Sam Patten.

O’sh va Jalolobodda fuqaro huquqlari shafqatsiz tarzda poymol etilgan va ayni damlarda ham o’zbek aholiga nisbatan zo’ravonliklar davom etayotgani ma’lum. Ozodlik Uyi bu viloyatlarda o’z tekshiruvini boshlagan va ma’lumot to’plamoqda.

“Qancha-qancha odamlar oila a’zolaridan, uy-joyidan, tirikchiligidan ayrilgan. Fojia ko’lami cheksiz. Buning ustiga aholi qirg’inning yangi to’lqini to’satdan yana boshlanadi deya xavotirda”,- deya izohlaydi mutaxassis.

Sam Patten va uning tashkiloti vaziyatni o’nglashda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, bu yil Qozog’iston raislik qilayotgan xalqaro tizim, qirg’in ustidan tergov olib borishdan tortib, fuqarolar himoyasini ta’minlashgacha, butun tashabbusni qo’lga olishi kerak deb hisoblaydi.

“Bu tashkilotning vazifalari aniq, qolaversa, mintaqa davlatlari unga a’zo. Tekshiruvni Qirg’iziston yoki O’zbekiston emas, aynan shu muassasa olib borishi kerak. Unga boshqa tashkilotlar, xususan biz, Rossiyadagi “Memorial” va huquq himoyasi bilan mashg’ul boshqa idoralar yordam berishi, xalqaro hamjamiyat ko’maklashishi mumkin”.

Sam Patten Amerika va umuman G’arb Qirg’izistondagi qirg’inga qarshi chora ko’rishga shoshmadi, tomosha qilib turdi degan iddaolarga qo’shilmaydi. Shoshib qabul qilingan qarorlar yaxshilikka yetaklamaydi deydi u. Lekin shuncha odamlar nobud bo’ldi, buning oldini olish mumkin edi-ku deya so’rasak, “albatta, mumkin edi, lekin tashqi dunyo aralashganida, aksincha ham bo’lishi mumkin edi, ya’ni ichki mojaro kengayib, katta bir urushga aylanib ketishi ham mumkin edi”,- deya tahlil qiladi.

“Amerikada, Vashingtondagi siyosiy doiralar bu voqealarga befarq emas. Ular kuzatishayapti, mojaro sababi nimada ekani haqida ko’proq bilishga harakat qilayapti. Oqibatlariga qarab, Qirg’iziston janubida etnik qatli om bo’lgan deya xulosa qilish mumkin. Lekin hammamiz faktlar, haqiqat fosh etilishini istaymiz. Ularsiz o’zbek-qirg’iz orasida tinchlikka erishish oson bo’lmaydi nazarimizda”,- deydi Sam Patten.

Ozodlik Uyi vakili deydiki, AQSh Qirg’izistonga yordam bermoqchi bo’lsa, gumanitar ko’makdan tashqari, uning xavfsizlik va ichki ishlar tizimini tubdan o’zgartirishda qo’llab yuborishi lozim.

“AQSh, nazarimda, bu mamlakatda tinchlik istagan tomonlarni quvvatlashni xohlaydi. Elatidan qat’iy nazar har bir fuqaro himoyasini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish… Bular hozir eng ustuvor masalalar degan bo’lardim. Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) buni anglab yetgan”.

Qirg’iziston yillar davomida Markaziy Osiyodagi nisbatan erkin jamiyat sifatida qarab kelingan. Lekin bugun bu jamiyatda sodir etilgan vahshiyliklar, noshud hokimiyatga qarab mintaqa ahli erkinlik agar shu bo’lsa, bizga kerak emas deya xulosa qilayotgan bo’lishi mumkin. Amerika Qirg’izistonni demokratiyaga aylantirmoqchi edi, ishni eplay olmadi, boshqaruv tamoman ishdan chiqdi degan fikr keng tarqalgan.

Sam Patten fikricha, Amerika demokratiya tarafdori, lekin uning poydevorini har bir jamiyatda o’sha xalqning o’zi qo’yadi, Amerika emas. O’zgarishni, deydi u, xalqning o’zi istashi kerak. Mutaxassis Qirg’izistonda demokratik harakat pasayishiga ishonmaydi. Aksincha, deydi u, janubdagi qirg’in, bir elatning boshqa bir elat vakillari tomonidan qirilgani, fuqarolarni o’z huquqi uchun yanada qattiqroq kurashishga chorlashi muqarrar.

“Hamma narsa huquq himoyasiga borib taqaladi. Hokimiyat va huquq bir-biri bilan chambarchas bog’liq. O’sh va Jalolobodda inson qadri bu qadar toptalgani fuqarolarni o’z taqdirini qo’lga olishga, korrupsiya singari azaliy illatlarga qarshi turishga undasa ajabmas. Qirg’izistonda yaqin o’tmishda yulg’ich rahbarlar ikki bor hokimiyatdan ag’darildi. Hukumat xalq uchun xizmat qilishi, uning talablarini qondirishi, xususan himoya qilishi shart”.

Bu qo’shni davlatlar ma’muriyatlari uchun ham saboq, deydi u, chunki xalqning sabr-kosasini to’ldirib, u har narsaga chidab, bir amallab yashayveradi deya yakkahokimlikka berilish jar tomon yurish va oxir oqibat qulash bilan barobar, deydi Sam Patten.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG