"Ozodlik uyi": Jurnalistning ishi yanada og'irlashgan

  • Amerika Ovozi

"Ozodlik uyi" (Freedom House) tashkilotining yangi hisobotida so'nggi 10 yilda dunyo bo'ylab muxbirlarning ishi yanada qiyinlashgani aytiladi. Ularga hukumatlar, jangarilar, jinoyatchilar, axborot vositalari egalarining bosimi kuchaygan, deyiladi tahlilnomada. O'zbekiston bu tashkilot nazarida hamon eng cheklangan jamiyatlardan biri. Bu borada mana bu maqolada tanishing.

Gazetani istalgan joyda sotib olish mumkin. Yoki uyali telefon orqali so'nggi xabarlar bilan tanishsa bo'ladi. Bugun axborot olish osonlashdi, ammo jurnalistlarning ishi ham qiyinlashdi. Ularni sudga berishmoqda, qamashmoqda, qo'rqitishmoqda, o'ldirishmoqda, deydi matbuot erkinligi himoyasi bilan shug'ullanuvchi guruh.

“Afsuski, ahvol yaxshi emas. Matbuot erkinligi dunyo bo'ylab 2014-yilda eng quyi nuqtaga yetdi. So'nggi 10 yilda eng ayanchli holat. Vaziyat oldingidan ham tezroq sur'atlarda yomonlashmoqda”, - deydi "Ozodlik uyi" vitse-prezidenti Vanessa Taker.

"2015-yilda matbuot erkinligi" deb nomlangan hisobotda aytilishicha, Meksikada jurnalistlarga do'q-po'pisalar qilinadi, ularning faoliyatini cheklovchi qonun qabul qilindi.

Shimoliy Amerikada matbuot erkin deb hisoblansa, Lotin Amerikasida qisman erkin yoki erkin emas.

"Ozodlik uyi" AQShni ham tanqid qilib, Missuri shtatining Ferguson shahrida politsiyaning namoyishchilarga qarshi qattiqqo'lligiga e'tibor qaratadi.

Osiyo va Tinch okeani mintaqasida esa aholining besh foizigina erkin matbuotdan bahramand. Hududdagi boshqa mamlakatlarning yarmida esa matbuot qisman erkin, qolgan yarmida umuman erkin emas.

Tashkilot eng past bahoni Xitoyga berdi. 1990-yillardan beri bu mamlakatda jurnalistlar yana qamalmoqda, axborot vositalari ustidan nazorat kuchaytirilgan.

“Xitoyning qo'shni davlatlarga ta'siri diqqatimizni o'ziga tortdi. Xitoy hukumatining ichki siyosati, harakatlari Gonkong, Tayvan va boshqa mamlakatlarga ham salbiy ta'sir qilishiga guvoh bo'ldik", - deydi "Ozodlik uyi" vitse-prezidenti Vanessa Taker.

Suriyada fuqarolar urushi oqibatida jurnalistlar o'lim bilan yuzlashmoqda.

Hisobotga ko'ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi mamlakatlarning ikki foizidagina matbuot erkin, aksariyati esa hukumat senzurasi ostida.

Afrikaning quyi-Saxara mintaqasida ahvol bundan bir foizga yaxshiroq, xolos. 57 foizida matbuot qisman erkin, 40 foizida umuman erkin emas.

"Ozodlik uyi"ning bildirishicha, Yevrosiyoda o'rtacha baho - salbiy - mintaqaning 80 foizidan ko'pida matbuot erkin emas, 20 foizidan kamida esa qisman erkin.

Masalan, Rossiyada mustaqil matbuot bosim ostida, qo'shni mamlakatlarda ham shu ahvol.

“Bizni xavotirga solgan eng katta narsa bu hukumat tashviqoti. Tashviqot ko'lami shu qadar keng va uydirmaga asoslanganki, mamlakat aholisi Ukrainadagi mojaro haqida to'g'ri ma'lumotga ega emas”, - deydi Vanessa Taker.

"Ozodlik uyi"ning bildirishicha, matbuotga tahdidlarning kuchayayotgani dunyo bo'ylab demokratik qadriyatlarni yemirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG