"Ozodlik uyi": AQSh umidsizlanmay Markaziy Osiyoda matbuot erkinligini targ'ib qilaversin


Sara Repuchchi, "Ozodlik uyi" yetakchi mutaxassisi

Sara Repuchchi, "Ozodlik uyi" yetakchi mutaxassisi

Vashingtonda asoslangan va dunyo bo’ylab erkinlikni targ’ib qiluvchi “Freedom House” – “Ozodlik uyi” tashkiloti matbuot ahvoli bo’yicha bu yilgi tahlilnomasida Markaziy Osiyoni ommaviy axborot vositalari va jurnalistika eng ezilgan mintaqalardan biri deb ta’riflaydi. Tashkilot har yilgi hisobotida mamlakatlarni keskin tanqid qiladi.

Xo’sh, bu bilan hukumatlarning yondashuvi va siyosati qanchalik o’zgarmoqda? Bu tahlilnomalarning ta’sir kuchi bormi?

"Ozodlik uyi” yetakchi eksperti Sara Repuchchi (Sarah Repucci):

"Tashkilotimiz qator loyihalarni amalga oshirib keladi va bu tahlilnoma ulardan biri. Jurnalistlar bilan ishlaymiz va ishlashga harakat qilamiz. Ularga o’z kasblarini sidqidildan bajara olishida yordamlashamiz, huquq va burchlari haqida o’rgatamiz va oldilaridagi to’siqlarni yengib o’tishda ko’maklashamiz. Oson emas, albatta, lekin harakat qilaverish kerak. Tahlilnomamiz jurnalistlar uchun real vaziyat qanday ekani haqida nafaqat mahalliy aholiga, balki dunyoga ma’lumot beradi. Ogohlik, informatsiya esa hamisha foyda keltiradi”.

“AQSh matbuot va so’z erkinligi poymol etilayotganiga qarab turmasligi kerak. Huquqbuzarlik hollarini ochiq va qa’tiyat bilan qoralashi kerak. Huquq faollari hibsga olinganida, repressiv qonunlar qabul qilinganida Vashington jim turmasligi kerak".

AQShdagi nufuzli tahlil markazlaridan biri Xalqaro tinchlik bo’yicha Karnegi jamg’armasi o’zining bu yil boshida nashr etilgan tavsiyanomasida Amerika hukumatini Markaziy Osiyoda erkinlik va demokratiya targ’ibotini asosiy maqsad deb belgilmaslikka undaydi.

Huquq masalasini yuqori pog’onaga chiqarib shu paytgacha biror konkret natijaga erishganimiz yo’q, deya yozadi sobiq rasmiylar. Ular nazarida e’tiborni iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga qaratish kerak. Siyosiy hamkorlikni mustahkamlashda tuzumlar bilan, ayniqsa yosh avlod bilan yaqindan ishlash kerak. Erkin jamiyatni odamlar o’zi xohlab qurishi kerak, Amerika bosimidan samara bo’lmaydi, deya bayon etadi uzoq vaqt AQSh hukumatida yuqori lavozimlarda ishlagan arboblar.

“Bizning nazarimizda erkinlikni qancha targ’ib qilsak, shuncha yaxshi. O’zbekiston va Turkmanistonda vaziyat juda og’ir. Biz uchun u yerda ishlash oson emas. Lekin ko’makka muhtoj tomonlarga yordamni ayamaymiz”,- deya javob qiladi Repuchchi xonim.

Amerika matbuot va axborot erkinligini targ’ib qilishda qanday kuch va vositalarga ega? Chaqiriq va bosimning o’zi yetadimi? O’zbekiston va Qozog’istondagi chorak asrlik rahbarlar bunday tanqidlarga o’rganib ketishgan.

“AQSh matbuot va so’z erkinligi poymol etilayotganiga qarab turmasligi kerak. Huquqbuzarlik hollarini ochiq va qa’tiyat bilan qoralashi kerak. Huquq faollari hibsga olinganida, repressiv qonunlar qabul qilinganida Vashington jim turmasligi kerak. Diplomatik muloqotlar bilan cheklanmay hukumatlarning qora ishlarini ochiq tanqid qilish kerak. Yevropadagi demokratik davlatlar bilan birgalikda choralar ko’rilsa, samara bo’ladi",- deydi Sara Repuchchi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG