O’zbekiston va Turkmaniston eng yopiq jamiyatlar safida

  • Amerika Ovozi

Bugun erkin bo’lmagan jamiyatlar, “Ozodlik uyi” hisobicha, 47 ta

Bugun erkin bo’lmagan jamiyatlar, “Ozodlik uyi” hisobicha, 47 ta

Dunyoda erkinlik noyob ne’matga aylanib bormoqda.

“Freedom House” – “Ozodlik uyi” deb nomlangan xalqaro tashkilot huquq va erkinlik bilan bog’liq vaziyatni o’rganib, shunday xulosaga kelgan.

Bu yilgi hisobotda 194 davlat va bahsli 14 hudud tilga olinadi.

“Ozodlik uyi” 40 yildan beri muntazam ravishda o’z tahlilnomalarini chop etib keladi. Tashkilot nazarida oxirgi besh yil huquq va erkinlik bobida ayniqsa og’ir davr bo’ldi.

“Ozodlik uyi” davlatlarni uch toifaga bo’ladi: erkin, qisman erkin va erkin bo’lmagan.

Xulosa shuki, 2010 yilda 25 davlatda vaziyat keskinlashgan. 11 mamlakat esa olg’a qadam tashlagan. Erkin yurtlar soni 87 tani tashkil etmoqda. Avval bu raqam 89 edi.

Xitoy, Misr, Eron, Belarus, Rossiya va Venesuela repressiv tuzumlar deya talqin qilinadi.

“Ozodlik uyi” ijrochi direktori Deyvid Kreymer fikricha, demokratiyani bayroq qilgan davlatlar hozirgi vaziyatni to’g’ri baholab, sergak tortishi kerak.

“Yopiq tuzumlar bilganini qilmoqda. Avtoritar rahbarlar o’z bilganidan qolmaydi. Jahon hamjamiyati esa sukut saqlamoqda”, - deydi u.

Turkmaniston, O’zbekiston, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Tibet, Birma, Gvineya, Eritreya va Liviya singari davlatlarni ko’rasiz ro'yxatda

Turkmaniston, O’zbekiston, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Tibet, Birma, Gvineya, Eritreya va Liviya singari davlatlarni ko’rasiz ro'yxatda

Deyvid Kreymer yaqin yillargacha AQSh Davlat kotibining muovini bo’lib, huquq va demokratiya targ’iboti uchun mas’ul rasmiylardan biri edi.

Bugun erkin bo’lmagan jamiyatlar, “Ozodlik uyi” hisobicha, 47 ta.

Ular qatorida Turkmaniston, O’zbekiston, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Tibet, Birma, Gvineya, Eritreya va Liviya singari davlatlarni ko’rasiz.

Qirg’iziston ham avval erkin bo’lmagan yurtlar kategoriyasida edi.

O’tgan yil boshida hukumat qulab, to’polon va qirg’inni boshidan kechirgan bu davlatda parlament saylovlari o’tkazildi. Xalqaro kuzatuvchilar jarayonni nisbatan erkin va adolatli deya ta’riflagan.

“Ozodlik uyi” Qirg’izistonni hozir qisman erkin mamlakatlar sirasiga qo’shmoqda.

Gruziyada ham ahvol yaxshilangan. Nodavlat tashkilotlar va matbuot bosim ostida bo’lgan Ukraina faqat qisman erkin deyilmoqda.

G’arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikada muhojirlarga qarshi kayfiyat kuchaygan. Deylik, Fransiya ozchilikdagi elatlarni ezganlikda tanqid qilinmoqda. O’tgan yili lo’lilar ommaviy ravishda deportatsiya qilingan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG