Erkinlik tobora noyob ne'mat

  • Amerika Ovozi

AQShning inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Freedom House” (Ozodlik uyi) tashkiloti olib borgan izlanish natijasiga ko’ra, dunyodagi iqtisodiy beqarorlik va ijtimoiy tartibsizliklar ehtimolidan vahimaga tushgan avtoritar davlatlar 2015-yilda siyosiy repressiyani kuchaytirgan. Guruh tuzgan maxsus jadvalda mamlakatlar demokratik erkinliklar darajasiga qarab joylashtirilgan.

Suriyadagi fuqarolar urushi, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi beqarorlik natijasida dunyoning bu bo’lagi eng notinch mintaqaga aylandi.

“Freedom House” tashkiloti tayyorlagan hisobotda aytilishicha, 72 mamlakat mojaro, siyosiy va iqtisodiy qiyinchiliklarga yuz tutdi. Natijada mana 10 yildirki, dunyo bo’ylab erkinliklar darajasi tushishda davom etmoqda.

"Uyushish erkinligi, so’z erkinligi, qonun ustuvorligi, adliya tizimi mustaqilligi – bu yo’nalishlarda vaziyat yanada yomonlashdi", - deydi tashkilot vakili Vanessa Taker.

Vashingtonda joylashgan guruh tayyorlagan izlanish natijasiga ko’ra, 50 mamlakat va hudud erkin emas deb topilgan. Erkinliklar bobida eng qoloq davlat Suriya ekani aytiladi. Bunday mamlakatlar qatoriga Xitoyning Tibet o’lkasi, Somali, Shimoliy Koreya, Eritreya va O’zbekiston ham kiritildi.

Hisobotda aytilishicha, bu hududlarda avtoritar rahbarlar huquq faollari va boshqa tanqidchilarni qatag’on qilgan.

Eng ayanchli ahvol Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada ekani aytiladi.

"Ayniqsa Yaqin Sharqda uzoq yillardan beri hukmronlik qilayotgan rahbarlarning ba’zilari G’arb ittifoqchilari sifatida ko’riladi, ammo aslida bunday hamkorlarga ishonch yo’q. Ular bilan hamkorlik uzoq muddatda yaxshilikka olib kelmaydi", - deydi Taker.

“Freedom House”ning bildirishicha, terror xurujlari xavfi hamda migrantlarning misli ko’rilmagan oqimi bilan yuzlashgan demokratik davlatlarda ham fuqaro erkinliklari cheklandi.

"Tarixida eng katta muammolarga yuz tutayotgan mamlakatlarda hukumatlar o’z fuqarolari va milliy manfaatlarini himoya qilibgina qolmay, asosiy erkinliklarni ham qo’ldan chiqarmasligi juda muhimdir", - deydi tashkilot vakili.

“Ozodlik uyi” tanqidiga uchragan mamlakatlar odatda bu guruh ishini jiddiy qabul qilmaydi. Rossiya, masalan, uni noxolis, AQSh manfaatlariga xizmat qiluvchi tashkilot deb biladi.

Hisobotda 61 mamlakatda so’nggi bir yilda erkinlik bobida vaziyat yaxshilangani qayd etiladi. Lotin Amerikasi maqtovga sazovor bo’ldi.


"Oxirgi 5-10 yilda Lotin Amerikasida ko’p huquqlar toptalganiga guvoh bo’lganmiz, ammo hozir ahvol ijobiy tomonga o’zgarayotgandek", - deydi Vanessa Taker.

Guruh hisobotida aytilishicha, so’nggi 10 yilda dunyo bo’ylab so’z erkinligi va qonun ustuvorligi bobida eng katta chekinish kuzatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG