Xalqaro tashkilot: O'zbekiston kuchli repressiya ostidagi jamiyat

  • Amerika Ovozi

Toshkent

Toshkent

Vashingtonda asoslangan "Freedom House", "Ozodlik Uyi" tahlilicha, dunyoning to'qqiz o'lkasida inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat ayniqsa ayanchli.

Bu jamiyatlar - Birma, Ekvatorial Gvineya, Eritrea, Liviya, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Tibet (Xitoy), Turkmaniston va O'zbekiston.

O'zbekiston bu ro'yxatda birinchi bor tilga o'linayotgani yo'q. Islom Karimov rahbariyati bu singari tanqidlarni qoralab, xorijiy tashkilotlarni O'zbekistonda ro'y berayotgan ijobiy o'zgarishlarni ko'ra olmayotganlikda, respublika sha'niga dog' tushirib, shuning evaziga o'z faoliyatini oshirayotganlikda ayblab keladi.

"Freedom House" nazarida esa O'zbekistonda uzviy huquqlar muntazam ravishda buziladi. Siyosiy erkinlik yo'q. Matbuot erkin emas. Fuqaro amaldagi siyosatni bemalol tanqid qila olmaydi, rahbarlarni savolga tuta olmaydi.

"Ozodlik Uyi" ning bu yilgi hisoboti

"Ozodlik Uyi" ning bu yilgi hisoboti

"Afsuski, islohotlar qilish uchun siyosiy erkinlik yo'qligi bu jamiyatlarda nodemokratik hukumatlar yanada ildiz otishi va repressiya yildan yilga kuchayib borishi uchun zamin yaratgan", - deyiladi tashkilot hisobotida.

Belarus, Chad, Xitoy, Fil Suyagi Qirg'og'i, Kuba, Laos, Saudiya Arabistoni, Janubiy Osetiya (Rossiya), Suriya va Marokash ham inson huquqlari tinimsiz poymol etiladigan jamiyatlar deya baholanadi.

"Freedom House" vakili Pola Shrayferning bayon qilishicha, Suriya va Liviyadagi bugungi vaziyat, xususan qo'zg'olon-u ommaviy namoyishlar avj olgani odamlar zulmga boshqa chiday olmayotgani va eng oddiy huquqlarini talab qilishga bel bog'laganidan dalolat beradi.

Tashkilot BMT Inson Huquqlari Kengashini faolroq harakat qilishga, repressiyaga berilgan hukumatlarga nisbatan qattiqroq choralar ko'rib, konkret ishlar qilishga undamoqda.

BMT Inson Huquqlari Kengashi 2006 yilda tuzilgan. Undan oldin BMT Inson huquqlari komissiyasi degan muassasa ishlar edi.

Ayni damda bu kengash Jenevada yillik sessiyaga yig'ilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG