XVIII asrga oid "Ozodlik kemasi" AQSh sohillarida suzmoqda

  • Amerika Ovozi

235 yil muqaddam Fransiyadan AQShga suzib kelgan kema bugun ikki mamlakat o'rtasida do'stlik ramzi sifatida xotirlanadi. Amerika inqilobi davrida u britaniyaliklarni yengishga ko'maklashgan edi. Bugun AQSh sohillarida ayni kemaning o'xshashi yana suza boshladi. Odamlar tarixiy kemaga chiqib, uni ko'zdan kechirish imkoniyatiga ham ega.

"Germion" deb ataladigan 65 metrli ulkan kemani shu paytgacha faqat urush davriga oid chizmalarda ko'rish mumkin edi. Kemani, asosan, fransuzlardan iborat 80 ko'ngilli boshqaryapti. Avrora Le Vilan ulardan biri.

"Mayatnikka o'xshaydi. Bir tomonidan ikkinchi tomoniga o'tib ham ishlashdan to'xtamaysiz", - deydi u.

Ko'ngillilardan yana biri Alis Bru ilgari hech qayiqni boshqarmagan.

"200 dan ortiq arqoni bor, ularning har biri alohida vazifaga ega. Jismonan qiyin, chunki hamma narsa og'ir", - deydi u.

"Germion" kemasining tarixi AQSh armiyasi qo'mondoni, keyinroq prezident bo'lgan Jorj Vashington hamda ko'ngilli sifatida armiyaga yordam bergan yosh fransuz aristokrati Markiz de Lafayet o'rtasidagi do'stlikdan boshlangan. Lafayet vataniga qaytib, amerikaliklarga yordam berish uchun kema va qurollar olib keladi. U qaytishga "Germion" kemasida keladi.

Musiqachilar guruhining a'zosi yosh Roy Vulf tarixdan olgan saboqlarini eslaydi.

"Amerikaliklar qiynalayotgan edi. Lafayet kelib urushda g'olib chiqishga hissa qo'shgan", - deydi u.

Fransiyada kemaning zamonaviy nusxasini yaratishga 17 yildan ko'p vaqt ketdi. Quruvchilar kemasozlikning 18-asrga oid usullaridan foydalanishdi.

"Zambaraklar 1770-yillarda fransuz floti va "Germion" uchun qurol yasagan tarixiy zavodda tayyorlandi", - deydi Kon Goynich ismli sayyoh.

Kema boshqaruvchisi Bruno Gravelye undagi hamma narsa imkon qadar haqiqiysiga o'xshatilganini aytadi. Ammo motor kabi ayrim yangi texnologiya vositalaridan ham foydalanilgan.

"Hozir hojatxona va hammom joylashgan joyda ilgari yuzlab qo'y saqlangan", - deydi u.

Ammo xonalar o'zgarmagan, deydi kemadagi sanoqli amerikalik ko'ngillilardan biri Adam Xodjes-Lekler.

"Odamlar bir-biriga juda yaqin bo'lgan holatlar bo'ladi. O'z joyingga ham ega bo'lishni istaysan, albatta, lekin manevr paytida yordamchilarning yaqin bo'lgani yaxshi", - deydi u.

Amerikadagi Germion-Lafayet do'stlari jamiyati prezidenti Mayls Yangning aytishicha, bunday go'zal kema fransuz-Amerika do'stligini yanada tarannum etishga xizmat qiladi.

"Bu ozodlikning moziyga sayohati ramzidir. U AQShning ozod va mustaqil davlat sifatida dunyoga kelishini nishonlaydi", - deydi u.

"Ozodlik kemasi" ayni paytda dunyo bo'ylab erkinlikning naqadar muhim qadriyat ekanini yana bir bor tushunishga ham xizmat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG