Fransiyalik jurnalist Xitoydan haydalishi sabablari haqida izoh berdi

  • Amerika Ovozi

Fransiyaning "L'Obs" jurnali muxbiri Ursula Gotye

Fransiyaning "L'Obs" jurnali muxbiri Ursula Gotye

Fransiyalik jurnalist Ursula Gotyenining Xitoyda uyg'urlar hayotini yoritgani unga qimmatga tushdi - Pekin "L'Obs" jurnali muxbirini terrorizmni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblab, mamlakatdan haydashga qaror qildi. Xitoy rasmiylarining aytishicha, jurnalistning mamlakatda ishlashga izn beruvchi hujjati yangilanmaydi.

Parijdagi xurujlar ortidan Xitoyning Shinjon viloyatida uyg'urlarga qarshi hukumat bosimi yanada kuchaygan. Bu holatni tanqid qilgan jurnalist Ursula Gotye terrorizmni himoya qilayotganlikda ayblandi. Shu bois Xitoy hukumati muxbirning 31-dekabr kuni muddati tugaydigan vizasini yangilamaslikka qaror qilgan.

Gotyening "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Pekin undan yozgan maqolasi uchun omma oldida kechirim so'rashni talab qilgan.

"Mendan Xitoy xalqidan kechirim so'rashni talab qilishdi, chunki odamlarning hissiyotlarini haqorat qilibman. Biror kishiga hurmatsizlik qildim deb o'ylamayman", - deydi jurnalist.

Gotyening 18-noyabrda e'lon qilingan maqolasida yozilishicha, Shinjonda yuz bergan zo'ravonliklar mahalliy muammolarga aloqador bo'lib, xalqaro terrorizm bilan bog'liq emas. Ko'mir konida yuz bergan qonli xuruj mahalliy aholiga nisbatan Pekin yuritgan adolatsiz siyosatga nisbatan javob edi, deya yozadi u.

Gotyening bunday xulosasi Xitoy hukumati va rasmiy matbuotining keskin tanqidlariga duchor bo'ldi. Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Lu Kan fransuz muxbirini "fuqarolarga qarshi zo'ravon harakatlarni va terrorizmni qo'llab-quvvatlash"da aybladi.

Bu ayblovlarni inkor etgan Gotyening aytishicha, vazirlikda hech kim uning maqolasini o'qimaganga o'xshaydi.

"Hamma "Global Times" rasmiy nashri chiqargan maqoladagi tahlildan xilosa qilyapti. Lekin bu nashr mening maqolamni buzib ko'rsatgan, tanib bo'lmaydigan darajada o'zgartirib yuborgan", - deydi u.

Jurnalistga ko'ra, vazirlik so'zlovchisi uni terrorizmda va begunoh insonlarga nisbatan rahmsizlikda ayblashdan oldin maqolani o'qib chiqishi kerak.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Ursula Gotyening Xitoyda ishlash uchun vizasi yangilanmaganidan afsusda ekanini bildirdi. Fransiya dunyo bo'ylab jurnalistlarning ishi muhim ekanini yana bir bor esga soladi, deyiladi bayonotda.

Xitoyning Xalqaro muxbirlar klubi ham Pekin viza va akkreditatsiya orqali xorijlik jurnalistlarga ta'sir o'tkazishga urinayotganidan xavotir bildirdi. Guruhga ko'ra, Gotyega qo'yilgan ayblovlar dalilga emas, balki muxbirning shaxsiy va professional ishiga bo'lgan salbiy munosabatga asoslangan.

Gotye bunday muomala kelajakda boshqa xorijlik jurnalistlarga nisbatan ham yuz berishi muqarrar ekanini aytadi.

"Xitoy jamiyatida erkinliklar juda cheklangan. Agar fikr erkinligi, matbuot erkinligi tortib olinadigan bo'lsa, afsuski, Xitoy tarixida biz tugadi deb o'ylagan davrga yana qaytamiz", - deydi fransuz jurnalisti.

Gotye 2012-yildan beri Xitoydan majburan chiqarib yuborilgan ilk xorijlik jurnalist bo'ladi. Uch yil avval "Al-Jazira" kanali muxbiri, amerikalik Melissa Chan hech bir izohsiz mamlakatdan haydalgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG