Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo: huquq haqida safsata qilmay amaliy ishlarga o'taylik


Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton 2012-yilda Oqsaroyda O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton 2012-yilda Oqsaroyda O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini tahlil qilish markazi (EUCAM) iyul oyidagi nashrini huquq va demokratiya targ'iboti qanday ketayotganiga bag'ishladi.

"Mintaqa bilan bu borada muzokara ketmoqda deyishning o'zi yetmaydi"

Markaziy Osiyo, deya yozadi Yevropa ekspertlari, bugun dunyoda eng avtoritar mintaqa. Demokratik taraqqiyot juda sust. Bu jamiyatlarda inson huquqlari muntazam ravishda poymol etiladi. O'zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg'iziston va Qozog'iston erkinlik bobida xalqaro hisobot va reytinglarda vaziyat bag'oyat og'ir mamlakatlar qatorida.

Hukumatlar tanqidga o'rganib ketgan. G'arbdan kelayotgan chaqiriq-undovlar, mahalliy huquq himoyachilari o'lga surayotgan talablarga aksariyat hollarda javob yo'q. Berilsa ham u quruq raddiyadan iborat.

Muammo kimda yo'q, Yevropa Ittifoqi va Amerika avval o'zini bilsin, degan gaplarni eshitamiz. Yana bir iddao shuki, G'arb davlatlari Markaziy Osiyodagi madaniy me'yor va qadriyatlarni tushunmay, o'z qarashlarini bosim bilan o'tkazishga urinmoqda.

Lekin, deya eslatadi EUCAM, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo va Inson huquqlari umumbashariy deklaratsiyasini tan olgan. Demak, erkinlik va demokratiya nima ekani xususida boshqalar bilan bir pozitsiyada turishi kerak.

Afsuski, xalqaro hamjamiyat oldida berilgan va'dalar, olingan majburiyatlar, turli guruh va tashkilotlarga a'zolik real vaziyat yaxshilanishi uchun xizmat qilmayapti.

Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va BMT agentliklari mintaqada o'z vakolatxona va dasturlariga ega. Lekin ularning ishi sarhisob qilinganida, ko'zga tashlanarli progress yo'q, deya bayon qiladi EUCAM.

Ikki yirik huquqbuzar davlat Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyoning yaqin hamkorlari va mintaqada katta ta'sir kuchiga ega.

Erkinlik kuychisi bo'lmish Amerika esa qo'shni Afg'onistonda harbiy harakatlarni yakunlab, askarlarini olib chiqar ekan, mintaqada yetakchi rol o'ynashi gumon. Rasmiylar huquq va demokratiya targ'iboti xususida bong uradi, biroq amalda bu borada jiddiy qadamlar tashlanmayapti.

Progress sifatida qayd etiladigan haqiqat shuki, Amerika va Yevropa Ittifoqi hukumatlar bilan muntazam siyosiy muloqotni yo'lga qo'ygan. Ularda inson huquqlari va erkinlik masalasiga alohida o'rin beriladi. Fuqaro jamiyati shakllanishi uchun hissa qo'shaylik deya oz bo'lsa ham grantlar ajratiladi.

Yevropa Ittifoqi nima qilsin deya EUCAM uch faolga murojaat qilgan.

Ulardan biri inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti vakili Veronika Szente Goldston bo'lib, uning asosiy tavsiyasi shudan iboratki, blok avvalo o'z maqsadlarini aniqlab olsin va buni ochiq-oydin bayon etsin. Muammo, uning nazarida, ittifoq Markaziy Osiyodan nima istashi va nima uchun bu xalqlarga yordam berib, ular bilan hamkorlik qilayotganini tushuntirib bera olmasligida, hukumatlarga gapini o'tkazishga ojiz ekanida.

EUCAM bilan gaplashgan o'zbekistonlik faol Umida Niyozova vatanida majburiy mehnatga qarshi kurashib keladi. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqida siyosiy iroda bo'lsa, butun mintaqada inson huquqlariga e'tibor va hurmat oshishi uchun hissa qo'sha oladi. Mahalliy huquq himoyachilari va faollar, o'sishga urinayotgan fuqaro jamiyatini quvvatlash yo'li bilan real o'zgarishlar qilsa bo'ladi. Hukumat Xalqaro Mehnat Tashkiloti kabi BMT agentliklariga mamlakatda erkin faoliyat yuritib, haqiqatni aniqlashga yo'l bermaydi. Xalq doimiy qo'rqinch ostida yashashga o'rgangan. Islom Karimov prezidentligi o'z poyoniga yetgach ham ahvol o'zgaradi deyish qiyin, deya mulohaza bildiradi Niyozova. Odamlar o'z huquqlarini talab qilishi uchun siyosiy ongni oshirish lozim. Buning uchun esa avvalo erkin matbuot va mustaqil axborot vositalari zarur. Yevropa Ittifoqi bu sohalarda ko'maklasha oladi. Blok buni sidqidildan xohlashi va konkret loyihalar bilan chiqishi kerak. Yevropa muammolar haqida ochiq gapirib, faqat yopiq eshiklar ortida muzokara qilmay, jamoatchilik dardini ham tinglasin. Odamlar Yevropa Ittifoqi nima masalani ko'tarayotgani, O'zbekiston rasmiylari nima deyayotganini bilsin, eshitsin, deydi Umida Niyozova.

Inson huquqlari bo'yicha turkman tashabbusi rahbari Farid Tuxtabullin Yevropa Ittifoqini vatanidagi hukumat va xorijdagi faollarni bir davraga olib kelib, muzokaraga undashni so'ramoqda. Yevropada yashayotgan turkmanlar ittifoq vositachiligida Ashgabat bilan muloqot qilib, mamlakatdagi vaziyatga ta'sir ko'rsata oladi, deydi u.

Yevropa rasmiylari Markaziy Osiyo erkin va farovon mintaqa bo'lishini istaymiz deb keladi. Bu samimiy niyat bo'lsa, real ishlar uchun vaqti yetdi, deyiladi EUCAM tahlilnomasida.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG