O'zbekistonlik to'rt muallim hozirda Amerika universitetlarida o'zbek tilidan saboq bermoqda. Ular AQSh Davlat departamentining “Fulbrayt” dasturi xorijiy tillarni o'qitish bo’yicha 10 oylik loyihasi qatnashchilari. Yaqinda bu muallimlar bilan Vashingtonda bir davrada bo’ldik. 400 dan ziyod xorijiy mutaxassis qatorida ular ham Amerika poytaxtidagi yig'inda ishtirok etdi.

Vashingtondagi “Capital Hilton” mehmonxonasiga yetib borganimiz zahoti fulbraytchilar peshvoz chiqdi. Kasbidan mamnun muallimlar ham, ularga sharoit yaratish uchun zir yugurgan rasmiylar ham gaplashishga tayyor. Ishidan zavq oladigan bunday odamlarga mikforon tutish maza.

“Ismim Mansurbek Tursunov, Andijon shahrida yashayman. Kelganimizga to’rt oydan oshdi. Michigan davlat universitetida o’zbek tilini o'qitayapman. Avval Andijon davlat taraqqiyot markazida o'qituvchilik qildim. O'sha yerda chet elda o'qib qaytgan bolalar ko’p edi, shulardan o'rgandim, tilimni yaxshiladim. Uyga qaytgandan keyin Amerikada olgan tajribam bilan o'rtoqlashaman, o'zim o'qigan Andijon davlat universitetida ishlash va o’sha yerda yangi metodlarni qo'llash orzuim bor”, - deydi Mansurbek Tursunov.

So’zamol muallimlar biri olib, biri qo’yib ishini, taassurotlarini gapira ketdi.

“Karimova Durdona, Jizzax davlat pedagogika institutining ingliz tili va adabiyot kafedrasida 11 yildan beri dars beraman. Hozir Amerika hukumatining Fulbrayt dasturi doirasida Texas davlat universitetida o’zbek tili muallimiman. Avvalo davlatimga rahmat aytmoqchiman bu dasturni topishda bergan yordami uchun, Amerika hukumati bilan maorifga oid mana shunday loyihani yo'lga qo'ygani uchun. Bu dasturning birinchi maqsadi tilimizni Amerika talabalari hayotiga olib kirish. Bugungi xalqaro anjumanda qatnashish imkoni 450 fulbraytchilar sanoqlilariga berilgan. O’zbekistonni tanlaganlaridan juda ham xursandman. Avval o'zbek tiliga qiziqish bo'larmikan deb o'ylangandim. Yo’q, hozir to'rt talabam bor. Ularga o’zbek tili, boy tarixi va madaniyatini o’rgatish bilan bandman”, - deydi Durdona Karimova.

“O'zbekiston, Xorazm viloyati, Urgench shahridan Gulnoza Yusupova. Fulbright dasturi haqida avval eshitgan emasdim. Chet elda o'qish istagida internetda ma'lumot izlab topdim. Izlanib Amerika elchixonasi bilan bog'landim va ancha yordam oldim”, - deydi Gulnoza Yusupova.

Suhbatdoshlarning aksariyati uchun o’qituvchilik – oilaviy kasb.

“Buxoro viloyatidan Nodirbek Ochilov bo’laman. Arizona davlat universitetida dars berayapman. Ota-bobomlarim muallim o’tishgan. Buxoro amiri davridan shunday. Bundan keyin ham shu kasbda qolish niyatim bor”, - deydi Nodirbek Ochilov.

Fulbraytchi bu muallimlar Amerikaga kelishdan oldin bir yil sinovdan o’tdi. Imtihon ketidan imtihon, bugun ham sinovlar serob.

“Bir yil kutdik. Bu narsaning o'zi bo'lmaydi. Ko'p harakat, tabiiylik kerak. Bu dasturda qatnashish uchun muallim yangiliklarga intiladigan bo’lishi lozim. O’qituvchilikka yangiliklar olib kirishga tayyor bo’lish kerak. Moslashuvchanlik juda muhim xususiyat. Boshqa davlatdagi sharoitga o'rganib ketishni bilish lozim. Oldin ham xalqaro dasturlarda qatnashganman, Angliya, Hindistonda o'qiganman. Lekin qisqa paytga. Olti yashar qizim bor. Oilam, farzandimni sog'inayapman”, - deydi Durdona Karimova.

“Albatta, Urgenchdan Toshkentga hujjatlarni yetkazish oson bo'lmadi. Lekin odamda xohish bo'lsa, hammasiga erishar ekan”, - deydi Gulnoza Yusupova.

O’qituvchilardan Amerika haqidagi taassurotlarini so’raymiz.

“Amerika haqida avval ham o’qiganman. Amalda farqlarni ko’rdim. Masalan, yo’qsillikni ko’rdim. Biz fulbraytchilar ko’ngilli bo’lib bu kambag’al odamlarning holidan xabar oldik. O’zimning mahallamda shunaqa qo’shnim bor, doim osh-ovqat olib chiqib beraman. Odamlar hayotida din katta o’rin tutar ekan”, - deydi Nodirbek Ochilov.

“Amerikaliklar juda mehmondo’st. O’zimizning odamlarga o’xshab ketadi. Shukronalik kuni shu yerdagi oila bilan bayram qildik. Xuddi oilamda o’tirganday his qildim. Yoki, masalan, ko’chada yo’l so’rasangiz, hamma qo’lidan kelganicha yordam beradi, manzilgacha olib borib qo’yadi xatto”, - deydi Durdona Karimova.

Talabalar-chi? Talabalar haqida fikri qanday ularning?

“Dunyoqarash jihatidan biror farqni sezmadi. Buxorodagi studentlarim ham, bu yerdagi talabalarim ham talaba. Endi, o’rtada tafovutlar yo’q emas. Amerikada, masalan, bolalar darslarni o'zlari tanlaydi. O'zbekistonda ko'p fanlar o'tiladi va bir jihatdan dunyoqarash kengroq. Har sohadan bir shingil biladi. Amerikada tor sohadagi mutaxassislar yetishib chiqadi”, - deydi Nodirbek Ochilov.

Vashingtonda Fulbraytning uch kunlik yig’ini davomida o’zbekistonlik muallimlar o’qitish uslubi haqida taqdimot ham qildi. Yuzlab muallimlar majlisida 80 dan oshiq davlat vakili bir-biridan o’rgandi. Til o’rgatish, umuman, o’qitish strategiyasi haqida fikrlashdi va uzoq yillik do’stlar orttirdi. Loyiha rahbari Tom Xili O'zbekistondagi rejalar haqida shunday deydi:

"O'zbekistonlik muallimlar Texas, Arizona, Michiganda dars berayapti. Bu bilan Amerika talabalari o'zi borib ko'rmagan yurtni taniyapti. Markaziy Osiyo va Qo'shma Shtatlar o'rtasida rishtalarni mustahkamlashning bir imkoni bu. “Fulbrayt” dasturi Ikkinchi jahon urushidan keyin ta'sis etildi. Uning mohiyati - murosa orqali tinchlikni asrash. Har bir odam, jumladan, o'zbekistonliklar biror boshqa davlat yoki madaniyat vakillarini yaqindan tanigach, do'st tutinadi, o'ziga yaqin oladi. O’zbekistondagi rejalarga kelsak, amerikalik mutaxassislar ham yaqin kelajakda bu davlatga safar qilib, tili va madaniyatini o'qitish imkoniga ega bo'ladi degan umiddaman", - deydi Tom Xili.

Ayni damda amerikalik fulbraytchi muallimlar Markaziy Osiyoning faqat uch davlati Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikistonda dars berayapti.

XS
SM
MD
LG