Breaking News

Jahon bozoridagi muammolarni hal qilish Xitoy va Amerika zimmasida


Jahon bozoridagi muammolarni hal qilish Xitoy va Amerika zimmasida
Jahon bozoridagi muammolarni hal qilish Xitoy va Amerika zimmasida

Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasining bildirishicha, milliy pul qiymatini sun’iy ravishda ushlab turish keng tarqalib borayotgan odat va bu global moliyaviy muvozanatni buzmoqda.

Yaqinda dunyoning 20 qudratli davlati Janubiy Koreyada anjuman o’tkazib, jahon bozoridagi kelishmovchiliklarni hal etishga urindi.

Moliya vazirlari va bank rahbarlarining bu yig’ilishi samara bermadi. Seulda yaqin kunlarda endi Katta Yigirmalik rahbarlari to’planadi. AQSh muammoda asosan Xitoyni ayblaydi, Xitoy esa Amerikani tanqid qilmoqda.

Jahon iqtisodiyoti esa mislsiz inqirozdan chiqishga qiynalmoqda. Janubiy Koreyada vazirlar sammitida “Valyutadan qurol sifatida foydalanmaylik”! degan chaqiriqlar yangradi.

Lekin bu bilan muammo hal bo’lib qolmaydi. Quruq gaplardan amaliy harakatga o’tish vaqti yetmadimikan?

Janubiy Koreya Moliya vaziri Yun Jeng-Xyun javob beradi:

“Konvertatsiya va milliy pul qiymatini bozor hal qilishi kerak. Valyuta bahosini sun’iy ushlab turish iqtisodiyot negiziga bolta uradi. Bu bozor va raqobat shartlariga qarshi”.

Bunday harakatlar haqida gap ketganda, asosan, Xitoy tilga olinadi. Eksport hajmini oshirish uchun bu davlat o’z puli qiymatini past saqlab kelmoqda, deydi Amerika rasmiylari. Natijada Xitoy mahsuloti arzon.

Biroq ayrim ekspertlar nazarida bunda faqat Xitoyni ayblash noto’g’ri.

Iqtisodiyot bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori Jozerf Shtiglitz fikricha, AQSh o’zi siyosatini ham bir ko’rib chiqishi kerak. Foiz stavkalarini haddan tashqari pasaytirish oqibati bu, deydi u.

“Qo’shma Shtatlar qarzni past foizda berib, jahon bozorida kapitalni oshirishga harakat qilar ekan, bu salbiy oqibatlarga ham olib bormoqda. Qarz ustida qarz berish bilan iqtisodiyotni tiklab bo’lmaydi. Boshqa mamlakatlar ham o’z manfaatini ko’zlamoqda”.

Global moliya tizimi juda murakkab ahvolda, deydi olim.

Shtiglitz Xitoy o’z yuani bahosini uzoq ushlab tura olmaydi deydi. Erkinlashtirishdan boshqa yo’l yo’q. Lekin buni asta-sekin amalga oshirgan ma’qul, aks holda bu xalqqa qimmatga tushadi.

“O’zi hozir dunyoga Xitoyning inqirozga uchrashi yetmay turibdi. Bu davlat xatosini tushuna boshlagan, lekin iqtisodiy barqarorlikni saqlash uchun sekin harakat qilishga majbur. Valyutani erkinlashtirish juda nozik jarayon”, - deydi ekspert.

Amerika bu borada Xitoyga o’z takliflari bilan chiqqan va Katta Yigirmalik a’zolari uni quvvatlamoqda, lekin hamma jihatlarini emas. Seulda bu davlatlar rahbarlari uchrashganida, biror konkret kelishuvga erishiladi degan umid bor.

Bahs-tortishuvlar bo’lishi tabiiy, deydi Shtiglitz, lekin sammit yechim bilan tugashi amri mahol.

“Katta Yigirmalik, bilasizmi, hamfikrlikdan yiroq bir guruh. Shuning uchun undan katta bir yangilik kutmang”, - deydi olim.

“A’zolar orasida kuchli bir vositachi yo’q. Boshi yo’q to’da, bilasiz, yo’lini topishga qiynaladi. Biror tomon yetakchilikni qo’lga olmasa, global iqtisodiyot tahdid ostida qolaveradi”,- deydi Shtiglitz.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi vositachi sifatida maydonga chiqmoqda.

Katta Yigirmalik a’zolari ayni muddao deb, valyuta bozori va savdo muvozanatini nazorat qilishni uning zimmasiga yuklamoqda.

Lekin qashshoqlikka qarshi kurashuvchi tashkilotning bu boradagi vakolatlari hali aniqlashtirilmagan. Katta Yigirmalikdagi hamma davlatlar ham undan qarz olmaydi. Shunday ekan, bosim o’tkazish oson emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG