Obama: Yaqin Sharqqa piyoda qo'shin jo'natmaymiz

  • Amerika Ovozi

Antalya, 16-noyabr, 2015

Antalya, 16-noyabr, 2015

AQSh rahbari Barak Obamaning ta'kidlashicha, Fransiyadagi qonli fojiaga qaramasdan "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashish uchun Yaqin Sharqqa piyoda qo'shin jo'natilmaydi.

Turkiyaning Antalya shahrida o'tgan Katta Yigirmalik sammitida so'zlagan Obama Iroq va Suriyada olib borilayotgan harbiy-havo kampaniyasini, mahalliy jangchilarni quvvatlash strategiyasini himoya qildi.

Jihodchilarni yakson qilish uchun Suriyaga, masalan, 50 ming askar jo'natish ham samara bermagan bo'lardi, deydi AQSh rahbari, chunki bu Suriyani uzoq muddatga bosib olishni anglatadi.

"Amerikani kuchli qilib ko'rsatish uchungina qarorlar qabul qilmayman. Davlat xavfsizligi birinchi o'rinda", - dedi Obama.

Qochqinlar

Parijdagi hujumlarni uyushtirganlardan biri qochqin bo'lib Yevropaga kirgani ma'lum. Prezidentning aytishicha, AQSh minglab suriyalik qochoqlarni qabul qilish rejasidan qaytmaydi, lekin ular kelishidan oldin obdon tekshiriladi.

Oq uyga harakat qilayotgan respublikachi ayrim nomzodlarning faqatgina suriyalik nasroniylarga Amerikada boshpana berish taklifini Obama "sharmandalik" deya tanqid qildi.

AQSh razvedka idoralari xorijiy davlatlarda rejalanayotgan terroristik hujumlar haqida ko'pincha oldindan xabar topadi. Ammo Parij qatliomi haqida biror ma'lumot bo'lmagan.

Yaqinroq hamkorlik

Turkiya mezbonligida o'tgan Katta Yigirmalik majlisida ma'lumot almashishni oshirish, chegaralar xavfsizligini kuchaytirishga kelishib olindi. Terrorchilarning moliyaviy manbalarini qirqish lozim, deydi liderlar.

Germaniya kansleri Angela Merkelga ko'ra, terrorizmni faqatgina harbiy usullar bilan yengi bo'lmaydi - strategiya keng qamrovli bo'lishi lozim.

Britaniya kelasi yili donorlar anjumaniga mezbonlik qilmoqchi. Mablag' Suriya va boshqa davlatlardan Yevropaga oqib kelayotgan qochqinlar ehtiyojlariga sarflanadi.

"Eng muhimi, Suriya mojarosiga siyosiy yechim topishimiz kerak. Toki millionlab odamlar vataniga, uyiga qaytsin", - deydi Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron.

Rossiya rahbari Vladimir Putin esa yovuz kuchlarni yengish uchun birgalikda harakat qilishimiz lozim, deya ta'kidladi.

Fransiya Prezidenti Fransua OIland parlamentdan favqulodda choralarni uch oyga uzaytirishni so'ramoqda. Konstitutsiyaga ayrim o'zgartirishlar kiritiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG