Katta Yigirmalik sammitida nimalar haqida gap ketadi?

  • Amerika Ovozi

Katta Yigirmalik sammiti oldidan Istanbulda namoyishlar

Katta Yigirmalik sammiti oldidan Istanbulda namoyishlar

Turkiya Katta Yigirmalik sammitini qabul qilishga hozirlik ko'rayapti. Jahonning eng yirik iqtisodiyotlari Antaliya kurort shahrida uchrashmoqchi. Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar, Yevropadagi qochqinlar tanazzuli, xavfsizlikka tahdid, Xitoy, Turkiya kabi baquvvat davlatlarda iqtisodiy o'sish sekinlashgani kun tartibidagi mavzulardan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Katta Sakkizlikning 14-15-noyabrdagi majlisi oldidan Antaliyani o'zi aylanib tekshirdi.

Sammit yaqinlashar ekan, ayrim yirik davlatlarda iqtisodiy ahvol xavotir uyg'otmoqda. Misol, Turkiyaning o'zida inflyatsiya darajasi yuqori, milliy valyuta qadri pastlagan. Eng ko'p ziyon ko'rgan, shubhasiz, Rossiya.

"Joriy yilda Rossiyada iqtisodiy o'sish 5 foizga qisqardi. Mamlakat sanksiyalarga uchradi, ustiga ustak neft narxi pastlagan. Biznes qilib bo'lmaydigan bo'lib qoldi bu o'lkada", - deydi iqtisodchi Endryu Kenningam.

Xitoyda o'sish su'rati 7 foizga tushdi. Sarmoyadorlar Xitoyga qarashli qimmatbaho qog'ozlardan yoppasiga sotib qutulishga kirishdi. Natijada neft arzonlashgan.

Qo'shma Shtatlarda esa iqtisodiy ko'rsatkichlar jonlangan. O'sishdan ruhlangan Markaziy bank kelasi oy foiz stavkalarini ko'tarishi mumkin. Lekin aholi bunga tayyormi?

Xitoy, bu orada, Katta Yigirmalik sammitida Xalqaro valyuta jamg'armasida ovozlar taqsimoti, qaror qabul qilish yo'lining islohotini muhokama qilish kerak, deydi. Xitoy o'ziga ko'proq haq, ko'proq ovoz talab qilmoqda. Xalqaro valyuta jamg'armasiga 188 davlat a'zo. Guruh global iqtisodiy o'sishni ta'minlash, xalqaro savdoni rag'batlantirish ustida ishlaydi.

"Hozirda ovozlar nisbati xolis emas. Qarorlar qabul qilishda Amerikada 15 foiz, Xitoy ixtiyorida 4 foiz, Hindistonda 3 foiz, Braziliyada 2 foiz ovoz bor", - deydi ekspert Oliviya Gippner.

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar Yigirmalik majlisida bosh mavzulardan biri bo'ladi.

"Dekabrda Parijda iqlimga doir xalqaro sammit o'tishi kerak. Xullas, yirik iqtisodiyotlar, iqlimda o'zgarishlarga eng ko'p hissa qo'shayotgan mamlakatlar ketma-ket yig'ilmoqda", - deydi Gippner.

Joriy hafta Turkiyaning Antaliya shahrida "Islomiy davlat" to'dasiga aloqadorlik gumoni bilan 20 kishi ushlandi. Bu esa xavfsizlikka tahdid naqadar global ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi, deydi Toronto universiteti olimi Jon Kirton.

"Yaqin Sharqda terrorizm tahdidi, suriyalik qochqin va muhojirlar tanazzuli... Jahon rahbarlari yuzma-yuz, yopiq eshiklar ortida bularni batafsil muhokama qilishi aniq", - deydi Kirton.

Kelasi, 2016-yilda Xitoy Turkiyadan Katta Yigirmalik prezidentligini qabul qiladi. Navbatma-navbat qilinadigan ish bu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG