Prezident Obama Amerika iqtisodiyoti taraqqiyoti dunyo farovonligi garovi demoqda

  • Amerika Ovozi

Barak Obama va Xitoy prezidenti Xu Tsintao, Seul, 11-noyabr, 2010-yil

Barak Obama va Xitoy prezidenti Xu Tsintao, Seul, 11-noyabr, 2010-yil

AQSh rahbari Katta Yigirmalik sammitida ishtirok etish uchun Seulga borgan. Savdo disbalansi, Xitoy kursi valyutasi va AQSh moliyaviy siyosatini muhokama qiladi.

Yirik sanoatlashgan davlatlar rahbarlarining Katta Yigirmalik sammitida ishtirok etish uchun Janubiy Koreyaga borgan prezident Barak Obamaning aytishicha, muloqot davomiy taraqqiyotni ko'zlab o'tishi lozim.

Prezident Obama Seulga kecha borgan. Davlat rahbari Li Myan Bak bilan uchrashib, sammitdan oldin anjumanga doir ba'zi masalalarni muhokama qilgan.

"Sammitda keng qamrovli bitimga kelishiladi va hujjat barcha davlatlarni davomiy taraqqiyot yo'lidan yurishga rag'batlantiradi degan umiddaman", - deydi Obama.

Jahondagi eng yirik iqtisodiy kuch Qo'shma Shtatlar o'sishda davom etar ekan, deydi u, global iqtisodiyot ham rivojlanib boradi. Biroq davlatlar savdosida nomutanosibliklarga chek qo'yilmas ekan, yangi krizis vujudga kelishi mumkin.

Prezident Obama AQShning qo'shimcha dollarni muomalaga kiritish qarori ba'zi davlatlar, xususan Germaniya tanqidiga uchraganini tan olar ekan, kelishmovchiliklar umumiy maqsadga erishish yo'lida g'ov bo'lmaydi, deydi.

"Mamlakatlar o'rtasida kelishmovchiliklar hamisha bo'lib turadi, chunki har bir davlat o'ziga xos bo'lib, muammolari ham o'zgacha. Biroq Qo'shma Shtatlar rivojlanmasa, davlatlar ham taraqqiy etmaydi", - deydi Obama.

AQSh qo'shimcha pul chiqarib, iqtisodiyotini tiklashga sarflamoqchi, boshqa mamlakatlar esa bunday chora dollarning qadrsizlanishiga va mahsulotlarining arzonlashishiga olib kelishidan xavotirda.

Barak Obama Seulda Xitoy prezidenti Xu Tsintao bilan ham uchrashib, bu davlat moliyaviy siyosatini muhokama qilgan. AQSh va boshqa davlatlar e'tirozi shuki, rasmiy Pekin valyutasi - yuan kursini sun'iy ravishda past ushlab, mahsulotlarini arzon qilib, o'zga mamlakatlar bozorini o'ldirmoqda.

"Agar ba'zi davlatlar boshqalar hisobiga eksportini oshirmoqchi bo'lsa, umumiy muammoni hal qilishdan ko'ra uni kuchaytirgan bo'ladi", - deydi Obama.

AQShda Kongressga saylovlarda respublikachilar g'olib chiqib, quyi palatada hukmronlik muxolifat qo'liga o'tar ekan, prezident uchun bundan keyin iqtisodiy siyosatini amalga oshirish oson bo'lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG