Katta Yigirmalik Meksikada yevrozona muammolarini muhokama qiladi


Katta Yigirmalikning 2012-yilgi sammiti 18-19-iyun kunlari Meksikaning Los-Kabos kurortida o'tkaziladi.

Katta Yigirmalikning 2012-yilgi sammiti 18-19-iyun kunlari Meksikaning Los-Kabos kurortida o'tkaziladi.

Keyingi hafta dunyoning eng rivojlangan 20 davlati rahbarlari Meksikada yig'iladi. Ular, asosan, Yevropa Ittifoqi yuz tutayotgan moliyaviy muammolarni muhokama etishi kutilmoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, Meksikaning Los-Kabos oromgohida o'tadigan Katta Yigirmalik sammitida Yevropa inqirozi asosiy masala sifatida ko'riladi. Xalqaro aloqalar kengashi tadqiqotchisi Styuat Patrik ham shunday fikrda.

"Los-Kabos yig'inida Yevrozona inqirozi birinchi va ikkinchi bosh masala bo'ladi", - deydi u.

Yakshanba kuni Gretsiyada bo'lib o'tadigan parlament saylovlari ham bevosita ushbu masala bilan bog'liq. Saylovchilarining kimga ovoz berishi Gretsiyaning ittifoq tarkibida qolish yoki uni tark etish masalasini hal etadi.

Obama ma'muriyatining umid qilishicha, yevropalik yetakchilar sammitda qarz va bank inqirozini hal qilishga ko'maklashuvchi zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.

Davlat xarajatlarini haddan ziyod qisqartirmasdan, o'sishni rag'batlantirishga va Yevropa moliyaviy tizimini mustahkamlashga ko'proq e'tibor qaratiladi degan umid bor, deydi amerikalik rasmiylar.

"Yordamga muhtoj banklarga imkon qadar tez mablag' o'tkazish kerak. Byudjet va bank siyosati masalalarida kengroq hamkorlik qilish hamda kuchliroq yevrohudud barpo etish rejasini ishlab chiqish ham juda muhim", - deydi prezident Barak Obama.

Tahlilchi Styuart Patrikning aytishicha, yevrozonaning barbod bo'lishidan boshqa davlatlar ham aziyat chekadi.

"Bu narsa global iqtisodiyotning tiz cho'kishiga hissa qo'shadi degan qo'rquv bor. Xitoy, Hindiston kabi dunyoning o'sib kelayotgan bozorlariga ham bu narsa ta'sir qiladi", - deydi u.

Yevropa Amerikaning savdodagi eng katta hamkori. Yevropa iqtisodiyotidagi muammoning AQShga bevosita ta'siri bor. Bu narsa Obamaning qayta saylanish imkoniyatlarini chippakka chiqarishi mumkin.

Los-Kabosda Obama Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashadi. Ikki rahbar rasmiy Moskvaning Eron va Suriyaga nisbatan sanksiyalarga qarshiligi va AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini yaratish rejasi haqida suhbat qurishi kutilmoqda.

Vashingtondagi Gudzon instituti tahlilchisi Deyvid Satterning aytishicha, tomonlarning bu masalalarda murosaga kelishiga umid qilish qiyin.

"Sammitda ular bu maqsadlarga erishishi amri mahol. Chunki Rossiya bundan manfaatdor emas", - deydi u.

Katta Yigirmalik davlat rahbarlarining aksariyati global iqtisodiy muammolarga yechim topishni istaydi. Buning uchun, avvalo, yevropaliklar o'z muammolarini bir yoqli qilishlari kerak, deb hisoblaydi ular.
XS
SM
MD
LG