Avstraliya Katta Yigirmalik sammitiga mezbon

  • Amerika Ovozi

Katta Yigirmalik kelasi besh yilda o'sish darajasini hozirgidan loaqal ikki foizga ko'tarish yo'llarini muhokama qiladi.

Katta Yigirmalik kelasi besh yilda o'sish darajasini hozirgidan loaqal ikki foizga ko'tarish yo'llarini muhokama qiladi.

Katta Yigirmallik sammitiga mezbon Avstraliyada xavfsizlik bo'yicha favqulodda choralar ko'rilayapti. Hafta oxirida Brisbandagi anjumanda iqtisodiy masalalar kun tartibidagi asosiy mavzulardan bo'lishi kutilayapti.

Global iqtisodiy o'sish Katta Yigirmalikning bu hafta Brisbanda o'tadigan sammitida bosh mavzu. Delegatlar kelasi besh yilda o'sish darajasini hozirgidan loaqal ikki foizga ko'tarish yo'llarini muhokama qiladi.

Rasmiylarning aytishicha, bu bilan global daromad 2 trillion dollardan ko'pga oshadi va millionlab ish o'rinlari yaratiladi. "New South Wales Business School" universiteti professori Richard Xolden nazarida global iqtisodiy rivojlanishning kaliti erkinroq savdodir.

"O'tgan yarim asrda jahonda savdoga qo'yilgan tariflar sezilarli darajada qisqardi, savdo-sotiqni cheklovchi boshqa to'siqlar olib tashlandi. Bundan xalqaro miqyosda oldi-sotdi ko'lami oshib, ham boy, ham kambag'al mamlakatlarda birday o'sishni ta'minladi. Lekin savdoda hamon cheklovlar yetarli va sammitda mana shularni pasaytirish yo'llari haqida gaplashish kerak", - deydi professor.

Katta Yigirmalik siyosat va biznes arboblarini, jumladan, Braziliya, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, AQSh, Yevropa ittifoqidan vakillarni bir joyga to'playdi. Guruh jahon iqtisodiyotining 85 foizi, jahon savdosining 75 foizini tashkil qiladi.

Avstraliyadagi sammit mamlakatda shu damgacha jahon rahbarlari ishtirokida o'tkazilgan eng yirik anjuman. Brisban shahrida favqulodda xavfsizlik choralari ko'rilib, qatnov qattiq kuzatuv ostida. Faollar sammit paytida namoyishga chiqib, global qashshoqlik, iqlimdagi salbiy o'zgarishlar, gomoseksual shaxslar huquqlari kabi muammolarni ko'tarish niyatida.

Avstraliyaning tub aholisi huquqlari uchun kurashuvchi guruhlar hozirdanoq Brisban bo'ylab namoyishlar o'tkazmoqda.

Internetda 15-16-noyabr kunlariga rejalangan sammit ishini to'xtatishga da'vatlar paydo bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG