Breaking News

Taormina "Katta Yettilik" sammitiga qanday hozirlanmoqda?


26-27-may kunlari Italiyaning Taormina shahrida "Katta Yettilik"ka a'zo mamlakatlar rahbarlari majlis qiladi
26-27-may kunlari Italiyaning Taormina shahrida "Katta Yettilik"ka a'zo mamlakatlar rahbarlari majlis qiladi

Italiyaning Sitsiliya orolida joylashgan Taormina shahri sanoatlashgan yetti mamlakat rahbarlarini kelasi hafta kutib olishga hozirlik ko'rmoqda. Ilk xorijiy safariga chiqqan Donald Tramp uchun bu ittifoqchi davlatlar yetakchilari bilan guruh shaklidagi birinchi uchrashuvdir.

Taormina shahri yozuvchilar, faylasuflar, qirollar va Gollivud yulduzlariga yaxshi tanish. 19-20-asrlarda ijod qilgan taniqli ingliz yozuvchisi va shoiri Deyvid Lorens o'zining "Dengiz va Sardiniya" safar kitobini O'rta dengiz bo'yidagi Taorminada yozgan. Ernest Xeminguey yozgan hikoyalardan biri ham (The Mercenaries) mana shu shaharda ro'y beradi.

Shahar aholisining soni atigi 11 ming bo'lib, sayyohlarning sevimli manzillaridandir. Italiya Bosh vaziri Matteo Rensi Taorminani "Katta Yettilik" yig'ini uchun mezbon sifatida tanlaganiga bir yildan oshdi.

Sammitga tayyorgarlik avjida ekan, xavfsizlik choralari kuchli, shahar bo'ylab 700 ta nazorat kameralari o'rnatilmoqda, anjuman ishtirokchilarini 3000 askar va 5000 politsiyachi qo'riqlaydi. Mahalliy aholi buning natijasida vujudga kelayotgan noqulayliklardan shikoyat qilmoqda. Biroq juma kuni boshlanadigan ikki kunlik sammit bahonasida shahardagi eski yo'llar ta'mirlandi.

Hukumat nafaqat terror xurujlari va globalizatsiyaga qarshi bo'lganlar namoyishlaridan xavotirlanmoqda. Liviyadan Yevropaga qochayotgan odamlar odatda O'rta dengiz orqali avval Italiya sohillariga boradi. Ularning orasiga jihodchilarning ham kirib qolish ehtimoli bor.

Anti-globalizm faollari Yevropaning boshqa joylaridan ham Italiyaga kelishi kutilmoqda. Ularning faoliyatiga to'siq qo'yish maqsadida hukumat Yevropa bo'ylab bemalol harakatlanish imkoniyatini beruvchi Shengen vizasini vaqtincha bekor qilib, chegara va pasport nazoratini tiklagan.

Prezident Tramp xavfsizligi bilan shug'ullanuvchi idoralar sammit mezbonlariga qator xavfsizlik talablarini qo'ygan. Masalan, shaharning tor ko'chalariga e'tiroz bildirilgan. Favqulodda holatda xavfsizlik xodimlari uchun prezidentni bunday ko'chalar orqali olib chiqib ketishi qiyin bo'ladi. Biroq mezbon tomon Amerika prezidentining avtokarvoni yuradigan ko'hna yo'llarni kengaytirish talabini qondirmadi.

Xavfsizlik xizmati Trampning shahar bo'ylab piyoda yoki golfchilar mashinachasida yurishiga ham qarshi.

Shahar meri Elijio Giardinaning "Le Republika" gazetasiga shikoyat qilishicha, Korso Umberto ko'chasining uzunligi 900 metr bo'lib, AQSh prezidenti avtokarvoni tarkibidagi 30 ta mashina bu ko'cha bo'ylab bazo'r harakatlanadi.

Xavfsizlik choralari sabab Tramp sammit ishtirokchilari uchun shaharda ajratilgan ikki otelda qolmasdan Sigonelladagi AQSh harbiy-dengiz bazasida tunaydi. U yerdan Amerika rahbari uchrashuvlarga vertolyotda yetkazib turiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG