Katta Sakkizlik iqtisodiy krizis va Afrikani muhokama qiladi

  • Amerika Ovozi

Yirik iqtisodiyotga ega sakkiz davlat rahbarlari xalqaro masalalar bo’yicha maslahatlashib olish uchun ertaga AQShda yig’ilmoqda.

Kun tartibidagi mavzular ko’lami keng – Afrikada oziq-ovqat xavfsizligidan tortib, Eron, Afg’oniston va Suriyadagi vaziyatgacha.
AQSh prezidentining Kemp Deyvid qarorgohida o’tadigan majlisda Yevropani qamrab olgan moliyaviy bo’hron va uning global iqtisodiyotga ta’siri keng muhokama qilinishi kutilmoqda.

Katta Sakkizlik AQSh, Britaniya, Kanada, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Italiya va Yaponiyani o’z ichiga oladi. Fransiyaning yangi prezidenti Fransua Olland uchun bu ilk xalqaro anjuman. U Oq uyda ham mehmon bo’ladi. Gretsiyada hukumatga qarshi namoyishlar

Gretsiyada hukumatga qarshi namoyishlar

Siyosatdonlar krizisni hal etish uchun Yevropa davlatlari qo’shimcha choralar bilan chiqishiga va AQSh bu jarayonda faol ishtirok etishiga ishonmaydi. Fransiyada hukumat o’zgarib, Gretsiya ketma-ket saylovlar bilan yuzlashib turgan bir paytda, amaldagi kelishuvlar ijrosi ta’minlansa ham katta gap.

Shu kungacha Germaniya va Fransiya olg’a surgan tashabbuslar sarfiyatni kesishga qaratilgan. Obama ma’muriyati ularni o’sishni ko’zlaydigan strategiya bilan chiqishga undamoqda.

Iqtisodchi Saymon Jonsonning aytishicha, yevrozonada krizis chuqurlashib boraversa, Barak Obamaning qayta saylanish imkoniyatlari pasayadi. Putin sammitga kelmaydi

Putin sammitga kelmaydi

Rossiyaning yangi prezidenti Vladimir Putin hukumatni tuzish ishlari bilan bandligi sabab sammitga kela olmasligini aytgan. O’rniga Bosh vazir Dmitriy Medvedevni yuboradi.

Afrikada oziq-ovqat xavfsizligi Katta Sakkizlik majlisida asosiy mavzulardan. Prezident Obama qit’ada Qishloq xo’jaligini rivojlantirishga qaratilgan dasturni e’lon qilishi kutilmoqda.

“AQSh tashqi siyosatida bu masalaga e’tibor katta. Sarmoya va yordam dasturlari qashshoqlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Majlisga Benin, Efiopiya, Gana va Tanzaniya rahbarlari ham taklif etilgan”, - deydi olima Kristin Vedding.

Afrika qishloq xo’jaligi sektoriga 3,5 milliard dollar sarmoya va’da qilgan Qo’shma Shtatlar ittifoqchi davlatlarni ham shunga da’vat etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG