Jamoat fikri: Ukrainadagi vaziyatga chetdan hech kim aralashmasin

  • Amerika Ovozi

Donetsk, Ukraina

Donetsk, Ukraina

Yangi so'rov natijalaridan ayon bo'lishicha, Ukrainada aksariyat aholi nazarida chet davlatlarning bu yurt kelajagiga aralashishga haqqi yo'q.

AQShda asoslangan "Gallup" kompaniyasi aprel oyida Ukrainada 1400 kishi bilan savol-javob o'tkazgan. Ishtirokchilarning 78 foizi xorijdan bo'lgan aralashuvlarga qarshi.

Mustaqil so'rov AQSh Xalqaro TV va Radio Boshqaruv Kengashi tomonidan moliyalangan. Kengash "Amerika Ovozi"ni yuritadi.

Undan Ukraina bo'ylab fikrlar tarqoq ekani, bunda hudud va elat hal qiluvchi omillar ekanini bilsa bo'ladi.

Masalan, Ukraina g'arbida 28 a'zoga ega Yevropa Ittifoqi va Qo'shma Shtatlarga xayrixohlik kuchli. Sharqiy viloyatlarda, Rossiyaga moyil ayirmachilar isyon qilayotgan hududlarda G'arbni yoqlovchilar sezilarli darajada kam.

G'arbiy oblastlarda fikri so'ralgan 84 foiz odam nazarida, Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo'shilishi kerak. Sharqda bunga rozilar faqat 19 foiz. Butun davlat bo'ylab ko'pchilik ukrainlar Yevropa Ittifoqi safiga kirishni xohlaydi. Ruslar orasida esa har besh kishidan biri buni qo'llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, aksariyat ukrainlar NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqiga qo'shilish tarafdori.

"Gallup" Qrimda 500 odam bilan gaplashgan va qatnashchilarning 74 foizi Rossiya tarkibiga bo'lish hayotlarini yaxshilashini aytgan. Qrimda fikri so'ralgan ko'plar, jumladan, ukrainlar xulosasi shuki, bahor boshida o'tgan referendum va Rossiyaga qo'shilish tashabbusi haqiqatan mahalliy aholining xohishidir.

Bundan farqli, Ukrainaning boshqa viloyatlarida so'ralgan odamlarning 48 foizi izohicha, referendum Qrimdagi haqiqiy kayfiyatni aks ettirmadi.

Qrimda, "Gallup"ning aniqlashicha, ko'plar Rossiyaning mojarodagi rolini ijobiy baholaydi, Amerika va Yevropa Ittifoqi haqida esa fikrlar nihoyatda salbiy.

Xalqaro valyuta jamg'armasi va G'arb davlatlari milliardlab dollar yordam va qarz va'da qilib, Ukrainaning sust iqtisodiyotini tiklashga harakat qilayapti. Evaziga Ukraina o'z xarajatlarini keskin qisqartirishi, soliqlar oshib, maoshlar kamayishi kerak bo'ladi. Shunday ekan, Ukrainada fuqaro kelasi ikki yil tejab-tergab yashash va iqtisodiy islohotlarni yoqlash masalasida ikkiga bo'lingan.

"Gallup" kompaniyasi o'tkazgan so'rov:
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG