Xillari Klinton Vashingtonda Elyor G'aniyev bilan uchrashdi

  • Amerika Ovozi

Davlat departamenti, Vashington, 29-sentabr, 2011

Davlat departamenti, Vashington, 29-sentabr, 2011

AQSh Davlat kotibasi deydiki, O'zbekiston bilan Afg'oniston yuzasidan hamkorlik kengaymoqda, lekin respublikada huquq va erkinlik og'ir ahvolda ekani hech kimga sir emas va Vashington bu masalaga ko'z yummaydi.

Bugun O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G'aniyev Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton huzurida bo'ldi.

Kecha prezident Barak Obama O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan telefonda suhbatlashgan edi.

Oq Uyning bildirishicha, prezidentlar serqirra hamkorlik; fuqaro jamiyati, nohukumat tashkilotlar, jamoatchilik va xususiy sektor orasidagi rishtalarni yaxshilash kerakligi xususida gaplashgan.

Amerika rahbari O'zbekiston qanchalik farovon va xavfsiz bo'lsa, uning davlati ham shunchalik manfaat ko'rishini aytgan.

Buning uchun, degan Obama, O'zbekiston demokratiya sari ildam qadam tashlashi kerak.

Har ikki prezident Afg'oniston yuzasidan ketayotgan hamkorlikni yuqori baholagan.

Klinton-G'aniyev muzokaralarida yuqorida tilga olingan mavzular muhokama qilingan.

Kameralar oldida ko'ringanda rasmiylar mana shuni eslatish va bir-biriga minnatdorchilik bildirishdan nariga o'tmadi.

Uchrashuv oldidan xalqaro huquq tashkilotlari, jumladan AQShda asoslangan Human Rights Watch va Freedom House, Klintonga ochiq maktub yo'llab, uning diqqatini O'zbekistonda erkinlik bilan bog'liq og'ir sharoitga qaratgan edi.

Hamkorlik huquq va erkinlikka ko'z yumish emas deb kelayotgan Davlat kotibasi bu xatga javoban, respublika bilan ketayotgan muntazam muloqot va Vashingtonning undovlari Karimov ma'muriyatini o'zgarish qilishga majbur qilayotganini aytgan.

Lekin huquq himoyachilari qanday o'zgarish deya so'ramoqda. Ular nazarida Amerika-O'zbekiston yaqinlashuvi zaminida faqat Afg'oniston yotibdi.

Notinch bu o'lkadagi yuzlab ming qo'shinga zarur mahsulotlar bugun O'zbekiston hududidan o'tadi. Respublika Shimoliy Ta'minot Tizimining bir qismi. Amerika hukumati Karimovdan bu hamkorlik uchun minnatdor.

O'zbekiston xalqi repressiya ostida yashaydi va hukumat Amerikadan olingan yordamni o'z fuqarolariga qarshi qo'llashi mumkin deya Kongress 2004 yildan beri hamkorlikni cheklab qo'ygan edi.

Endilikda Senat bu cheklovlarga istisno tarzida O'zbekistonga yordam ko'rsatish xususida o'ylanmoqda. Bu tashabbus hozircha faqat Davlat xarajatlari bo'yicha qo'mitada ma'qullangan. Palata hali ovoz bergani yo'q.

Afg'onistonni qayta tiklashda O'zbekistonning hissasi katta, deydi Davlat kotibasi.

"Lekin biz, men o'zim shaxsan va Amerikaning boshqa rasmiylari O'zbekiston hukumati bilan gaplashganimizda doimo inson huquqlari va siyosiy erkinliklar masalasini ko'taramiz. Bu borada xavotirimizni bildiramiz. Lekin ular bilan hamkorlikni davom ettirayapmiz va barcha jabhalarda yaqindan ishlash kerak deb hisoblaymiz",- deydi Xillari Klinton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG