O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak


O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

Garrett Epps AQShning Baltimor Universitetida qonun va huquqdan dars beradi. Shuningdek, jurnalist va tahlilchi. Professorlikdan oldin “The Washington Post” va “The New York Times” singari jahonning yetakchi gazetalariga maqolalar yozgan va tahliliy materiallari hozirda ham siyosiy nashrlar sahifalaridan tushmaydi. Garvard (Harvard) va Dyuk (Duke) kabi oliygohlarni bitirgan. Xalqaro qonunlar bo’yicha yetakchi ekspert sanaladi.

Amerikaning bir ziyolisini namuncha maqtab yubordingiz deb o’ylanayotgan bo’lsangiz, buning o'ziga xos sababi bor.

Garrett Epps - O’zbekistonning shaydosi.

Buyuk Ipak Yo’lidagi Samarqand, Buxoro va Xivadek qadim shaharlar, shuningdek Qizilqum cho’li haqida bolalik davrida o’qiboq Garrett Eppsning bu o’lkaga ishqi tushgan.

Mana yaqinda u bu yurtni ko’rish baxtiga muyassar bo’ldi. O’g’lini yoniga olib, Samarqandu Buxoroda, Xivada bo’ldi. Imkon bo’lganda, uzoqroq qolar edi, mayli, kelasi safar.

Professor Eppsning O’zbekistonda yurganidan xabar topgan AQSh elchixonasi Toshkentda uchrashuvlar uyushtirdi.

Janob Epps ayniqsa yoshlar bilan muloqot qilib mamnun bo’lganini aytadi. Jurnalistlar, faollar, huquq himoyachilari va rasmiylar bilan ham suhbatlashishga muvaffaq bo’ldi.

Professor bilan telefon orqali bog’lanib, taassurotlaridan so’radik.

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

Savol: Bu siz uchun ish safari emas, oilaviy sayohat edi, shundaymi? Ammo u yerda siz uchun nafaqat oddiy xonadonlar, balki rasmiy idoralar ham o’z eshigini ochdi. O’zbekiston sizning tasavvuringizdagi mamlakat ekanmi?

Epps: Bolalik orzum ro’yobga chiqdi. Bu joylar xayolimdagidan ham buyuk, fusunkor ekan. Lekin O’zbekistonni aylanar ekanman, Sovet davri qoldirgan manzaralarga guvoh bo’ldim. Modernizatsiya ro’y bermoqda, albatta, ammo jamiyatni hamon sovetcha tartib-qoida tebratayotganini ko’rdim. Bu ham meni hayratga soldi.

Savol: Tahlilchi-jurnalist sifatida yaxshi bilasizki, O’zbekiston va umuman Markaziy Osiyo haqida G’arbda ko’proq tanqidiy gaplarni eshitasiz. Respublika rasmiy axborot vositalarida esa ko’proq maqtov va amaldagi siyosatni ko’kka ko’taruvchi sharhlar. O’zbekiston hukumati G’arb axborot vositalari va ularga ishlaydigan jurnalistlarni noxolislikda, mamlakatda yuz berayotgan katta o’zgarishlarni, taraqqiyotni ko’ra olmayotganlikda, fitna va tuhmatda ayblab keladi. Siz mana bir necha kun ichida mamlakatni aylanib chiqdingiz. Ko’rgan, bilganlaringizga asoslanib, qanday xulosa qilayapsiz?

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

Epps: G’arb ahli umuman olganda Markaziy Osiyoda nima bo’layotgani va O’zbekistondagi siyosiy ahvol haqida uncha bilmaydi. Agar bu davlat hukumati jahon biz haqimizda yaxshiroq bilsin desa mamlakatni axborot vositalari uchun ochishi kerak. Bilishimcha, Toshkentda G’arbdan biror doimiy muxbirning o’zi yo’q. Busiz O’zbekistondan ma’lumot chiqishi qiyin. Rasmiylar bilan gaplashib shuni sezdimki, hukumat jamiyatni butunlay ochib qo’yish niyatida emas.

Savol: Hukumat, bilasiz, islohot jadal ravishda amalga oshirilayotgani, jamiyat tobora erkinlashib borayotgani haqida bong uradi. Amalda biror islohotga guvoh bo’ldingizmi?

Garrett Epps safari davomida oddiy xonadonlaru siyosiy doiralarda bo'ldi

Garrett Epps safari davomida oddiy xonadonlaru siyosiy doiralarda bo'ldi

Epps: To’g’risini aytsam, aynan informatsiya sohasini olsak, men vaziyat ortga qarab ketayotganini ko’rdim. Bu islohot emas, aksincha yanada qattiqroq cheklash bilan band ekanliklarini ko’rdim. Men u yerda uzoq vaqt bo’lmadim, lekin buni his qila oldim. Amaldorlar bilan gaplashganimda ham ular “biz vaziyatni o’zgartirishga harakat qilayapmiz, ochiqlik tarafdorimiz” degan gaplarni eshitmadim. Ulardan ko’p eshitgan gapim shu bo’ldiki, “O’zbekistondek rivojlanayotgan davlatda inson huquqlari me’yorlari boshqacha, uni rivojlangan davlatlar bilan qiyoslamang”. Bu murakkab masala. Javobim shu bo’ldiki, “Amerikada bu gaplarni 200 yil oldin aytishgan. Lekin shuni anglaganmizki, agar biz dunyo sahnasida o’z o’rnimizni topmoqchi bo’lsak, o’z nufuzimizga ega bo’lishni istasak, xalqaro standartlarga bo’y egishga majburmiz”. “Biz boshqacha xalqmiz, bizni tashqi standartlarga qarab baholamang” degan gaplarni ko’p eshitdim. Men qonun ustuvorligi, huquq, konstitutsiya, oshkoralikdan dars beraman, shu bois rasmiylarning bu gaplarini tinglab, ancha o’ylanib qoldim.

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

Savol: Mana shunday vaziyatda, Amerika qay sohalarda va qay tarzda yordam ko’rsatishi mumkin?

Epps: Bu juda qiyin masala. Jamiyatni xuddi yong’oq chaqqandek qars etib ochib qo’ya olmaysiz. Amerikaning imkoniyatlari cheklangan. Bilasizmi, bizdan u yerda sayyohlar juda kam ekan. Hindiston, Pokiston, Fransiya va Italiyadan ko’p turistlarni ko’rdim. Men hamyurtlarim O’zbekistonga ko’proq safar qilib, bu go’zal o’lkani ko’rishini xohlar edim. Afsuski, xohishning o’zi yetmaydi. O’zbekiston hukumati jarayonni osonlashtirishi, bizga darvozani kengroq ochishi kerak. Almashinuv dasturlari, o’quv programmalari yopilganini bilaman. Yana bir masala, men Amerika O’zbekistonga har sohada o’rnak bo’la olishini istar edim. Bu degani biz o’z mamlakatimizdagi ayrim muammolarni hal qilishimiz kerak. Men O’zbekiston rasmiy doiralari bilan fikr almashganimda Amerikadagi muammolar haqida gapirib berdim. Biz boshqalarga aql o’rgatishdan oldin o’zimizga yaxshilab qarab, salbiy o’zgarishlarni ham tan ola bilishimiz kerak. Lekin shuni ham qayd etdimki, xalqaro qonunlar hurmat qilinishi shart, ularni hech kim savolga tuta olmaydi".

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

"Men O’zbekiston Senatining ikki a’zosi bilan uzoq suhbatda bo’ldim va ularga AQSh Senati qanday ishlashi haqida aytib berdim. Funksiyalar bobida, ikki davlat senatlari ancha farq qiladi. Diniy erkinlik va diniy targ’ibot masalasi ularni tashvishga solayotganini bildim. Men ularga aytdimki, Amerikada hukumat dinga aralashmaydi. Istagan dinga e’tiqod qilishingiz, uni targ’ib qilishingiz mumkin. O’zbekistonda munosabat boshqacha ekan. Ular yot dinlarni xush ko’rishmaydi va nasroniy guruhlar mamlakatga kelib, odamlarning miyasini zaharlamoqda degan fikr keng tarqalgan ekan. Shu yerda aytib o’tishim kerak, Amerikada keyingi paytda, musulmonlardan ham shubhalanish kuchaydi. Musulmon aholi orasida radikalizmni targ’ib qilayotganlar bor deya tekshiruvlar boshlandi. Bu meni shaxsan juda xavotirga soladi. Chunki Amerika shu davrgacha e’tiqod erkinligi bobida jahonga namuna bo’lib kelgan.

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

Savol: O’quvchi va talabalar bilan muloqotda bo’ldingiz. Sezgandirsiz, ular orasida chet elga bo’rib o’qish dardida yurganlar, masalan, Amerikaga kelib bilim olishni istaganlar ko’p. Nima maslahat bergan bo’lardingiz?

Epps: AQSh elchixonasi uyushtirgan davra suhbatiga 80 ga yaqin yoshlar keldi. Aqlli, qiziquvchan yoshlar. Ketma-ket savolga tutishdi: Amerikada o’qish, erkinlik, xususan, diniy erkinlik, bir jinsdagi odamlar orasida nikoh masalasi, marixuananing qonuniy deb topilishi… O’zbekiston yoshlari Amerika hayoti haqida ancha bilishar ekan. Ularning kelajakka ishonchi katta ekanini bildim. Amerikaga qanday qilib borish mumkin deb uncha so’rashmadi. Nazarimda, ular bu qiyin ekanini anglashadi. Ular ko’proq biz amerikaliklarning hayoti haqida qiziqishdi… Internetning roli oshib bormoqda, lekin O’zbekistonda xuddi Xitoydagi singari cheklovlar mavjud ekanini ko’rdim. Ko’p saytlarga kirib bo’lmaydi. O’g’lim bilan bu borada ancha qiynaldik. Yoshlar orasida ingliz tilini biladiganlar ancha-muncha ekan. Xitoy “ingliz tilini yaxshi o’rgatamiz” deya maqtanadi, lekin O’zbekiston bilan taqqoslasam, ular orqada. O’zbekistonda yosh bolalar oldingizga “Hello, what is your name?” deb keladi. Ular bilan bemalol gaplasha oldim. Bu degani bolalar iqtidorli va bilimga chanqoq. Amerikaga juda qiziqadi. Hukumat, balki buni yaxshi bilgani uchun ham qattiq nazorat qiladi. Lekin yosh avlodni dunyodan uzib qo’ya olmaysiz, ular baribir yo’lini topadi. Til o’rganib, boshqa madaniyat va elatlar haqida ko’proq bilgani sari jamiyat ham o’zgaradi.

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

O'zbekistonning shaydosi: Bu yurt haqida ko'proq bilib, u yerga ko'proq borishimiz kerak

Savol: Tirikchilik, biznes va savdo-sotiq masalasida Osiyo davlatlari, xususan, Xitoy va Janubiy Koreya oldinda ekanini ko’rdingizmi? G’arb bilan bu borada hamkorlik katta emas.

Epps: Xuddi shunday ekan, har yoqda Xitoy mahsulotlari. Koreys va yaponlar bilan hamkorlik kuchli ekanini ko’rdim. Amerikadan sarmoya ko’lami past ekanini bilaman. Investitsiya oz, lekin turizm sohasida biz O’zbekistonga yordam bera olamiz. Bu yerda mamlakatni yaxshiroq reklama qilish kerak, ko’rishga arzigulik joylar borligi, bu bir sehrli diyor ekanini targ’ib qilish kerak. Men sizga ishonch bilan aytamanki, agar amerikaliklarga bu borada ko’proq ma’lumot berilsa va safar qilish osonlashsa, sayyohlar oqimi oshadi. Bu esa O’zbekiston uchun iqtisodiy foyda, shunday emasmi? Buning evaziga yo’llar va xizmat ko’rsatish sohasini yaxshilash mumkin. O’zbekistonning qayeriga bormay bu masala xayolimda bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG