Amerika hayotidan: Bir shaharda gaz eksporti ustida tortishuv

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarda so’nggi yillarda tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi bir necha karra oshdi. Bunga asosan yangi texnologiyalar sababchi.

Mahalliy kompaniyalar ortiqcha gazni xorijga eksport qilishni istaydi, lekin reja aholi orasida bahs-munozara uyg’otmoqda.

Merilend shtatining Lasbi shaharchasidamiz. Treysi Eno bu yerda gaz zavodi kengayishiga qarshi kampaniya olib bormoqda.

“Loyiha hammani bir-biriga qarshi qilib qo’ydi. Darrov seziladi”, - deydi u.

“Dominion Power” kompaniyasi 2002-yilda sotib olgan zavod okean bo’yida joylashgan. Shu kungacha tabiiy gazni import qilib, taqsimlashga ixtisoslashgan edi. Ammo Amerikaning o’zida hozir gaz mo’l ekan, mahsulotni Yaponiya va Hindistonga sotish rejada.

Kompaniya xodimi Mayk Frederik bu ikki davlatda tozaroq energiya manbalariga talab borligini aytadi:

“Ittifoqchilarga energetika bobida yordam bergan bo’lamiz. Ikkinchidan, jahon bozorida gaz narxi barqarorlashadi. Eksport rejamiz AQShda narx-navo o’sishiga ham olib kelmaydi chunki eksport hajmi kichik”.

Korxonani kengaytirish va eksportga moslash qariyb to’rt milliard dollarga tushadi. Tabiatparvar guruhlar esa loyihaning ekologik oqibatlari haqida bong urmoqda. Atmosfera ifloslanishidan tashqari Chasepik daryosiga millionlab litr iflos suv oqib tushadi, deydi ular. Reychel Heynxorst oilasi bilan zavod yaqinida yashaydi.

“Uch farzandim bor. Nega ular buzuq havodan nafas olishi kerak?”, - deydi u.

Frederik ekologiya bilan bog’liq xavotirlarni rad etmaydi, lekin…

“Tabiatga ta’sirini kamaytirish uchun qanday qonun-qoidalarga rioya qilish kerak bo’lsa, hammasini inobatga olayapmiz”, - deydi u.

Lasbi shahar ahli korxona kattalashishiga turlicha qaraydi. Skot Adams bu yerda o’z restoraniga ega.

“Qonunlarga amal qilishayotgan bo’lsa, ularning ishiga aralashmaslik kerak”, - deydi tadbirkor.

Tabiatparvar guruhlarning javobi:

“Yuqori bosim ostida ishlaydigan sovutgichlarni mahallarga olib kelib o’rnatishadi. Xavfli emasmi?”

Tabiiy gaz ko’mirga qaraganda tozaroq mahsulot. Proyekt amalga oshsa, Kalvert okrugi sarmoya va daromaddan yutadi – yiliga 40 milliard dollar soliq, qurilish sohasida minglab ish o’rinlari yaratiladi. Zavodda, shuningdek, 75 ta doimiy ish o’rni ochiladi. Okrug rasmiysi Jerri Klark tarafdorlar safida.

“Arzimaydi deb norozi bo’layotganlar bor. Lekin qishloq bir joy uchun 75 ta yaxshi to’laydigan ish o’rni ham katta gap”, - deydi u.

Shaharchaga yangi ishchilar kelishi Skot Adams uchun muhim. Uning restorani hafta kunlari bo’m-bo’sh.

“Mijozlarim ikki karra ko’payadi”, - deydi u.

“Dominion Power” kompanyasi suyuq tabiiy gaz eksportini 2017-yilda boshlamoqchi, ammo yuqoridagi e’tirozlar loyihani orqaga surishi mumkin.

Kompaniya tozalik bo’yicha yuzlab talablarni bajarishi lozim. Skot Adams terminal qurilishini quvvatlagani bois uning restoraniga ayrim doimiy mijozlar kelmay qo’ygan. Okrugimiz loyihadan yaxshigina daromad qiladi deya uni yoqlayotgan ayrim mahalliy rasmiylar ham qayta saylanishi gumon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG