AQShda benzin arzon - kimga foyda, kimga zarar?

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar o’z ehtiyoji uchun zarur neftning katta qismini o’zi ishlab chiqarmoqda. Jahon bozorida neft narxi tushib ketishining sabablaridan biri ham shu. Neft qazib olishning freking uslubi AQShda katta bir sanoatga aylangan, biroq narxlar pasayib ketishi oqibatida kompaniyalar zarar ko’rmoqda.

Illinoys daryosi atrofidagi hududlarda shunday bir mineral borki, mahalliy aholi uni “oq oltin” deb ataydi. Ko’pgina sanoatlarda ishlatiladigan tabiiy boylik bu.

“Kvarts qumi har kungi hayotda shunchalik ko’p uchraydiki, bu haqda hatto o’ylamaymiz ham", - deydi Nik Fetig, bu boylikni qazib chiqaradigan "Unimin" korporatsiyasi vakili.

Kvarts qumi neftni freking yo’li bilan qazib olishda ham qo’l keladi. Shuning uchun yaqingacha unga talab katta edi.

“Amerikada bu qum yuqori sifatli bo’lgani uchun hatto Saudiya Arabistoni ham bizdan sotib oladi. Vaholanki, o’zlarida ham bor. Lekin biznikini ma’qul ko’rishadi. Gap sifatda”, - deydi tahlilchi Fil Flin.

Lekin neft arzonlashgani bois kvarts qumiga talab tushib ketdi. Hozir AQShning ko’pgina shaharlarida bir litr benzin 50 sent atrofida.

“Haydovchilar xursand, ammo neft kompaniyalari uchun zarar”, - deydi Flin.

Uning tushuntirishicha, neft arzon-u, uni gidravlik uslubda qazib olish qimmat. O’zini qoplamaydi. Kompaniyalar yangi konlarni o’zlashtirishdan manfaatdor emas.

“Banklar bu sanoat egalariga osonlikcha kredit ham bermayapti, chunki freking sanoatida ishlar xuddi to’xtab qolgandek”, - deydi Flin.

Natijada neft sanoati uchun zarur xizmatlar va materiallar, jumladan kvarts qumiga talab avvaldigek emas. Bir necha konlar yopildi yoki ishini vaqtincha to’xtatgan.

“Mavjud konlardan yetarlicha neft qazib olishyapti. Yangi quduqlar qazilmasa yoki bu jarayon yanada sekinlashsa, kvarts qumiga talab bo’lmaydi”.

AQShda bu qumni ishlab chiqaradigan eng yirik kompaniya talab 15 foizga kamayishini bashorat qiladi. Bu sohadagi boshqa korxonalar ham yangi zavodlar qurish rejasidan qaytgan.

"Ammo kvarts qumiga doimo xaridor topiladi. Bozordagi o’zgarishlarga moslashamiz", - deydi “Utica” korxonasi xodimi Nik Fetig.

Suhbatdoshga ko’ra, freking uslubida neft qazish yana jonlanishiga umid bor. Kompaniyalar ishchilarini bo’shatishga shoshmayapti. Neft narxi ko’tarilsa bo’lgani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG