AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts notinch Qandahorda askarlar holidan xabar oldi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Afg’oniston janubida bo’lib, Tolibonga qarshi jang qilayotgan askarlar bilan uchrashgan.

Qandahor shahrida harbiy bazada so’zlar ekan, Geyts talofatlardan afsusdamiz, biroq qurbonlarga tayyor turishimiz kerak dedi.

Qo’shma Shtatlar Pokistonga, toliblar o’rnashib olgan manzillarga qo’shin tortadimi degan savolga Geyts bu ehtimoldan yiroq, deydi.

Prezident Barak Obama o’tgan yilning dekabrida afg’on strategiyasini e’lon qilgan va qo’shimcha 30 ming askar jo’natishga va’da bergan edi. Yil boshidan beri bo’lib-bo’lib jo’natilgan bu qo’shinning bari shu oy afg’on yurtiga yetib borgan.

Mudofaa vaziri Robert Geyts Kobulda prezident Hamid Karzay bilan gaplashib, Obamaning strategiyasi samara berishiga ishonch bildirdi. Xalqaro koalitsiya buning uchun yetarli zaxira, kuchga ega dedi Geyts. Ammo talofatlar ham bo’lishi muqarrar.

“Tolibonning uzoq yillik manzillariga kirib borar ekanmiz, xalqaro koalitsiya ham, afg’on armiyasi ham askarlardan ayrilmoqda. Biroq dushman ham zarar ko’rayotgani sir emas”, - deydi vazir.

Xalqaro qo’shin hujumga zo’r bergani sari toliblar oyog’ini tortadi. Murosa yo’llarini izlab qoladi, deydi Geyts.

AQSh jo’natgan 30 ming qo’shimcha askardan tashqari, xalqaro koalitsiya safiga yana 7 ming soldat qo’shilgan - xalqaro hamjamiyat hissasi bu. Afg’oniston armiyasi safi ham kun-sayin to’lib bormoqda. Qo’shma Shtatlar jo’natgan diplomatlar, gumanitar xodimlar ham o’ziga yarasha madad.

Vazir Geyts AQSh ajratgan mablag’ Afg’oniston hukumat doiralarida korrupsiyaga turtki berganini tan olmoqda. Bu illat bilan olishish choralarini ko’rayapmiz, Karzay ma’muriyati ham bo’sh o’tirgani yo’q, deydi rasmiy.

Geytsning aytishicha, korrupsiyaga qarshi kurashga aynan Karzay hukumati boshchilik qilishi kerak.

Afg’oniston prezidenti o’zini mudofaa qilar ekan, matbuotni noxolislikda, hukumat olib borayotgan sa’y-harakatlarni ob’yektiv yoritmayotganlikda ayblamoqda.

Bundan tashqari, Karzay xorij xavfsizlik firmalarini Afg’onistondan haydash qarorida qat’iy. To’rt oy ichida ular mamlakatni tark etishi kerak. AQSh rasmiylari bu qaror chet el xodimlari va gumanitar ishchilar hayoti uchun xavfli ekanini aytmoqda.

Kobuldagi anjumanda Geyts va Karzay shimolda, Tahor viloyatida NATO havo hujumi va aholi orasidagi talofatlarda ham to’xtalgan. Geytsning aytishicha, operatsiya paytida O’zbekiston Islomiy harakati yetakchilaridan biri yo’q qilingan. Yana kamida yetti jangari o’lgan.

Biroq Karzay so’zlariga ko’ra, hujum paytida parlamentga nomzod Abdul Vohid Xurosoniy delegatsiyasi jabr ko’rgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG