Amerika Osiyodagi va'dalariga sodiq qoladi, deydi mudofaa vaziri

  • Amerika Ovozi

Robert Geyts Pentagonni Jorj Bush davridan beri boshqarib keladi. To'rt yarim yillik xizmatdan so'ng iste'foga chiqish arafasida.

Robert Geyts Pentagonni Jorj Bush davridan beri boshqarib keladi. To'rt yarim yillik xizmatdan so'ng iste'foga chiqish arafasida.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Osiyo bo’ylab safarga otlanmoqda. U 3-5 iyun kunlari Singapurda o’tadigan anjumanda qatnashadi.

Xitoy qudrati oshib borar ekan, mintaqadagi ittifoqchi davlatlar AQSh yordamiga ko’z tikmoqda.

Geyts 4 yarim yillik xizmatdan keyin shu yilning 30 iyunida lavomini bo’shatishga taraddud ko’rmoqda.

“So’nggi tashrifimdan foydalanib, Osiyo xalqlariga murojaat qilmoqchiman. Amerika sodiq ittifoqchi bo’lib qoladi”, - dedi vazir.

Obama ma’muriyati byudjetdagi kamomadni pasaytirish harakatida ekan, mudofaa xarajatlarini bir necha milliard dollarga kamaytirishga qaror qilgan. Lekin, deydi Geyts, AQSh bilan harbiy hamkorlik qilayotgan mamlakatlar xavotirga tushmasligi kerak.

“Xavfsizlik bobida birga ishlashda davom etamiz. AQSh o’z va’dalarini bajaradi”, - deydi Robert Geyts.

Bugun asosiy diqqat Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyatda, ammo bu, Vashington Osiyoni unutdi degani emas.

AQSh Tashqi ishlar vaziri muovini Kurt Kempbel ham Osiyo, xususan Janubi-sharqiy Osiyo ahamiyati haqida gapiradi.

Qo’shma Shtatlar region barqaror va farovon yashashidan manfaatdor, deydi u. Vashington hamkor davlatlar kuchga to’lishini istaydi.

Ittifoqchi davlatlar barqaror va farovon bo'lsa, AQSh bundan faqat foyda ko'radi, deydi Geyts

Ittifoqchi davlatlar barqaror va farovon bo'lsa, AQSh bundan faqat foyda ko'radi, deydi Geyts

Tahlilchilar nazarida siyosiy va iqtisodiy muvozanatni ta’minlash, Xitoyni jilovlash uchun AQSh regionga chuqurroq kirib bormoqda.

Obama ma’muriyati Janubiy Xitoy dengizini taqsimlash borasida ham o’z yordamini taklif qilgan.

Xitoy, Vyetnam, Bruney, Malayziya, Filippin va Tayvan neft va boshqa tabiiy zaxiralarga boy bu dengizga da’vogar. Rasmiy Pekin nazarida masalani mintaqa davlatlari o’zaro hal qilgani ma’qul va Amerikaning aralashuvi ortiqcha.

Pentagon rahbari Robert Geyts Osiyo davlatlari mudofaa vazirlarining Singapurdagi anjumanida AQSh harbiy byudjeti xususida so’zlaydi.

“Amerika xalqi urushdan charchaganini bilaman”, - deydi vazir. “Biroq Qo’shma Shtatlar qurolli kuchlari mustahkam ekan, dunyodagi har qanday agressiyaning oldini oluvchi, tinchlikni ta’minlovchi davlat bo’lib qolamiz”, - deydi u.

Pentagon o’z qurolli kuchlarini Osiyoda qanday taqsimlash ustida ham o’ylanmoqda. AQSh qo’shinlari asosan Yaponiya va Janubiy Koreyada joylashgan. Tailand va Filippin bilan ham mudofaa bobida bitimlar bor.

Singapurdagi anjumanda Shimoliy Koreya yadro dasturi va Afg’onistondagi urush ham muhokamada bo’ladi.

Afg’oniston prezidenti NATO hujumlarida aholi qurbon bo’layotganidan g’azabda va xalqaro koalitsiyaga “so’nggi” ogohlantirish bergan.

“O’tgan bir oy ichida NATO harbiy xatolari uchun uch marotaba kechirim so’radi. Begunoh odamlar o’lishiga ortiq toqat qilmaymiz”, - deydi Hamid Karzay.

Hilmand viloyatida ro’y bergan so’nggi hujumda 14 kishi halok bo’lgan edi, barchasi ayollar va bolalar.

Geytsning ta’kidlashicha, NATO Afg’onistonga do’st va ittifoqchi, mamlakat oyoqqa turishini, o’zini mudofaa qila olishini istaydi.

Geyts nazarida fuqaro o’limini birgalikda tergov qilish, harbiylar orasida puxtaroq koordinatsiya orqali bunday fojialarning oldini olish mumkin.

AQSh Mudofaa vaziri Karzay e’tirozini tushunadi.

“Afg’oniston xalqi 30 yildan beri urush domida. Prezident Hamid Karzayning so’zlarida uzoq yillik dard va alamni eshitish mumkin”, - deydi Robert Geyts.

Singapurdagi majlis ketidan Geyts kelasi hafta Bryusselga otlanib, NATO mudofaa vazirlari yig’inida ishtirok etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG