Urushdan bir yil o'tib G'azo hanuz xarob ahvolda

  • Amerika Ovozi

Isroilning G'azoda olib borgan 50 kunlik urushidan vayron bo'lgan Falastin hududi hanuz xaroba ahvolda. Ko'plab odamlar vaqtinchalik boshpanalarda yashamoqda. Chegaraga yaqin isroilliklar esa HAMASning yana hujum boshlashi mumkinligidan xavotirda.

2200 g'azolikning yostig'ini quritgan urushdan bir yil o'tib mahalliy aholi hanuz urush asoratlaridan aziyat chekmoqda. Vaqtinchalik turar joyda yashayotganlar juda ko'p.

"Uy-joyidan ajralgan 100 ming odam ichki qochqin bo'lib yuribdi, chunki vayron bo'lgan 12500 dan ziyod uyni qayta qurish hali boshlangani yo'q", - deydi BMT rasmiysi Jens Larke.

Ayrim g'azoliklar hayotlari bir yil avvalgidan ham yomonroq ekanini aytadi. Chunki dunyo ularni esdan chiqargan.

"Ikkinchi qavatning tomiga vaqtinchalik to'siq qo'ydik, chunki uy yashashga yaroqsiz edi, tomi qulab tushadi, deb qo'rqdik. Ko'chada yashashni istamadik. Uy ijaraga olgandan ko'ra shunisi yaxshiroq", - deydi Osama ismli g'azolik.

Juda ko'p uylar vayron bo'lgani bois hududda ijara narxlari osmonga chiqib ketgan.

Isroilning raketa hujumlarida 500 dan ortiq bola nobud bo'lgan. Ular orasida 9 yoshli Ismoil ham bor.

"Uni dengiz bo'yida parcha-parcha holatda topishdi. O'g'limiz doim o'sha yerda o'ynardi", - deydi bolaning otasi.

Isroil blokadasi davom etar ekan, g'azoliklar yashab qolishning yangi yo'llarini o'ylab topmoqda. Masalan, quyosh pechi.

"Yilning yetti oyida G'azo mo'l-ko'l quyosh nurini ko'radi. Quyosh energiyasi bilan pishirganimiz uchun haq to'lamaymiz. Elektr, ko'mir yoki gaz xarajatlaridan ham ozodmiz", - deydi Xolid ismli fuqaro.

Isroilda ham 8-iyul kuni urushning bir yilligi xotirlandi. Ixtilofda halok bo'lgan 73 isroillikning aksariyati askarlar. G'azo chegarasiga yaqin qishloqlarda aholi yana raketalar uchib kelishi mumkinligidan xavotirda yashaydi.

"Bunday hayotga o'rganib qoldim. Tashqariga chiqqaningda, doim boshpana joyga yaqin yurishni xohlaysan, chunki nimadir yuz berishi mumkin", - deydi isroillik bir ayol.

Isroil hududga qurol-yarog' va terrorchilar kirishidan qo'rqib, G'azoga o'tish yo'lini to'sishda davom etmoqda. Bu yerda qayta qurishning kechikayotganiga ana shu blokada aybdor ekani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG