G'azo sektori - ishsizlar soni bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda

  • Amerika Ovozi

G'azo sektori iqtisodiy jarlik yoqasida turibdi. Urush va blokaladar, shuningdek, boshqaruv tamoman izdan chiqqani tufayli bu hudud ishsizlik sur'ati bo'yicha dunyoda birinchi o'ringa chiqib oldi, deyiladi Jahon bankining yangi hisobotida.

G'azoda aholining 44 foizi ishsiz. 2014-yil oxirida yoshlar orasida ishsizlik darajasi rekord 60 foizga ko'tarilgan.

Isroil va Misr xavfsizlikka ishora qilib, sektorga mahsulot import-eksportini qattiq cheklab qo'ygan. Chegara punktlarining aksariyati HAMAS guruhi 2007-yilda G'azoni bosib olganidan beri yopiq.

Jahon bankiga ko'ra, blokada tufayli sektorda yalpi milliy mahsulot hajmi 50 foizga qisqargan. Aholining 80 foizi tashqi yordam hisobiga kun ko'radi.

"Haqiqat shuki, 1,8 million aholi atigi 160 kvadrat kilometr maydonda yashaydi. Ruxsatsiz hech qayerga chiqa olmaydi, harakatlana olmaydi", - deydi tashkilotning G'arbiy sohil va G'azo bo'yicha direktori Stin Lau Yorgensen.

Isroil qo'shinlari 2005-yilda G'azoni tark etgan. Shundan buyon HAMASga qarshi bir necha bor harbiy operatsiyalar o'tkazildi. Mojarolarda minglab falastinliklarning yostig'i qurigan. Hudud infrastrukturasi barbod bo'lib, xalqaro yordamga muhtojlar soni yanada oshgan.

Isroil hukumatiga ko'ra, blokada HAMAS sektorga qurol-aslaha olib kirmasligi uchun zarur.

G'azo iqtisodiyotini oyoqqa turg'izish uchun falastinliklar koalitsion hukumat tuzishi darkor, deyiladi Jahon banki hisobotida. Donorlar va'da qilgan 3,5 milliard dollar mablag'ning chorak qismi ajratilgan xolos. Bank nazarida, G'azoni tiklash yo'lidagi asosiy to'siq bu - qurilish materiallarini olib kirishga qo'yilgan cheklovlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG