Donorlar G'azoni tiklash uchun millionlab dollar va'da qildi

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar Isroil bilan urushda vayronaga aylangan G'azo sektorini tiklash uchun 212 million dollar, Qatar esa bir milliard dollar va'da qildi.

Falastin ma'muriyati dunyo hamjamiyatidan jami 4 milliard dollar ko'mak so'ramoqda.

Qohirada o'tgan konferensiyada prezident Mahmud Abbos ishtirokchilarga bugungi ahvolni tasvirlab berdi. Isroil va XAMAS o'rtasida 50 kun davom etgan urushda butun boshli mahallalar yer bilan yakson bo'lgan, deydi u. 100 ming fuqaro uy-joysiz qolgan.

Birlashgan Arab Amirliklari qayta qurish loyihalariga 200 million dollar, Yevropa Ittifoqi 568 million dollar, Britaniya esa 32 million dollar ajratadi.

50 kunlik urush Falastinda 2100 kishining yostig'ini quritgan edi. Isroil tomonda o'lganlar 70 dan oshiq, aksariyati askarlar.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun anjuman qatnashchilariga murojaatida G'azoni tiklashga doir yig'inlarning shu oxirgisi bo'lsin, deya undadi.

Misr prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy, o'z navbatida, Isroilni 2002-yilda olg'a surilgan reja asosida tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga undadi. Mazkur rejada 1967-yilda bosib olingan yerlarni Falastinga qaytarish ko'zda tutilgan.

Donorlar konferensiyasiga Isroil taklif etilmagan. Bu davlat Tashqi ishlar vaziri Avidgor Liberman G'azoni qayta qurish ishlari biz bilan hamkorlikda olib borilishi zarur, deydi. Qurilish materiallarini sektorga olib kirish uchun Isroilning ruxsati kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG